Joriy yilda 1,5 mln ayolni daromadli qilish rejalashtirildi
Xotin-qizlar oʻz uyida tadbirkorlik qilishi uchun “Daromadli ayol” dasturi boshlanadi, 100 ming nafari esa axborot texnologiyalari sohasiga oʻqitiladi.

Koʻksaroy qarorgohida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri boshlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev butun Oʻzbekiston ayollarini 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
Joriy yilda 166 ming xotin-qiz zamonaviy kasb va tadbirkorlikka, yana 100 ming nafari esa axborot texnologiyalari sohasiga oʻqitiladi.
Shuningdek, xotin-qizlar oʻz uyida tadbirkorlik qilishi uchun “Daromadli ayol” dasturi boshlanadi.
Bu orqali lider tadbirkorlar koʻmagida kasanachilik, hunarmandchilik, parrandachilik, asalarichilik va tomorqachilik yoʻnalishlarida 50 ming ayolning bandligi taʼminlanadi. Bundan tashqari, “Hamroh” dasturi doirasida xotin-qizlarning 3 mingta loyihasiga jami 1 trillion soʻm ajratiladi.

Umuman, joriy yilda 1,5 million ayolni daromadli qilish, shundan 400 ming nafarini biznesga jalb etish boʻyicha katta marra olingan. Ushbu maqsadlar uchun 25 trillion soʻmdan ziyod resurs yoʻnaltiriladi.
