Fargʻonada jamoat transporti toʻliq naqdsiz toʻlovga oʻtdi
Bu haqda viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning tegishli qarori chiqdi. Hujjat darhol kuchga kirishi belgilangan.

Fargʻona shahrida jamoat transporti toʻliq elekron toʻlovga oʻtdi. Bu haqda 5 mart kuni viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning tegishli qarori eʼlon qilindi.
Qarorga koʻra, Fargʻona viloyatining shaharlarida, shahar yoʻlovchilar transportida yoʻlovchilar va bagaj tashish xizmatlarining cheklangan tarifi, avtobuslarda bir nafar yoʻlovchi uchun yoʻl haqi 3000 (uch ming) soʻm boʻldi. Jamoat transportida naqd pulsiz toʻlov tizimini jozibadorligini oshirish, mazkur tizimdan foydalanishda yoʻlovchilarni keng jalb qilish, sohadagi yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish maqsadida avtobuslarda elektron shaklda toʻlangan toʻlovlar (transport kartasi, ATTO, bank kartalar) orqali bir nafar yoʻlovchi uchun bir martalik ragʻbatlantiruvchi yoʻl haqi tarifi 2400 (ikki ming toʻrt yuz) soʻm qilib belgilandi.
Ushbu qaror eʼlon qilingan kundan kuchga kirishi belgilangan.
Eslatib oʻtamiz, yanvardan Buxoroda jamoat transporti uchun naqd pulsiz toʻlov tizimi joriy etilgandi. Bu haqda 24 yanvar kuni viloyat hokimi Botir Zaripovning qarori eʼlon qilingan.
