platina.uz
Tahlil

Dunyo eng yirik energetik inqiroz yoqasida turibdi

Trampga esa impichment xavf solmoqda. Platina.uz Yaqin Sharqdagi mojaro globallashayotgani, iqtisodiy, siyosiy va boshqa oqibatlarni tahlil qildi.

Dunyo eng yirik energetik inqiroz yoqasida turibdi
Fotokollaj: Platina.uz

2026 yil 28 fevral kuni AQSh va Isroil koalitsiyasi Eron hududidagi harbiy va infratuzilmaviy obʼektlarga havo zarbalarini boshladi. Javob tariqasida Eron mintaqadagi AQSh harbiy bazalariga, mahalliy neftni qayta ishlash zavodlariga raketa va dron orqali zarbalar bera boshladi. Natijada vaziyat keng koʻlamli geosiyosiy va iqtisodiy inqirozga aylandi.

Eng jiddiy omillardan biri – Hormuz boʻgʻozidagi xavfsizlikning izdan chiqishi boʻldi. Bu yoʻlak orqali jahon neftining 20 foizdan ziyod qismi tashiladi. Kemalar harakatining cheklanishi global energetika bozoriga kuchli bosim qildi.

Energetika va jahon bozorlariga taʼsir

Mojaro, ayniqsa Hormuz boʻgʻozining yopilishi natijasida neft narxlari keskin oshdi, bozorda yuqori noaniqlik saqlanmoqda. Suyultirilgan gaz yetkazib berishda uzilish xavfi kuchaydi.

Neft va gaz importiga bogʻliq davlatlar (Yevropa, Hindiston, Xitoy va boshqalar) eng katta xavf ostida qolmoqda. Energiya narxlarining oshishi inflyatsiya bosimini kuchaytirdi. Logistika zanjirlari izdan chiqib, tashish xarajatlari oshdi.

Kepler institutining maʼlum qilishicha, Hormuz boʻgʻozining yopilishi va Qatarda suyultirilgan gaz ishlab chiqarishning toʻxtatilishi bilan bir vaqtda Yevropa energetik inqirozga yoʻl olmoqda. Hozirda Yevropada gaz narxi 50 foizga oshgan. Maʼlumki, Qatar oʻz suyultirilgan tabiiy gazi eksportining 90% gachasini Ummon va Eron orasidagi ushbu tor yoʻlak orqali yubormoqda. Mutaxassislar fikriga koʻra, Xitoy, Hindiston, Tayvan va Janubiy Koreya Osiyoda eng zaif ahvolda qoladigan davlatlar qatoriga kiradi.

Yevropa yerosti zaxiralarining 70 foizi allaqachon tugagani inobatga olinsa, boʻgʻozning yopilishi ulkan energetik inqirozdan darak beradi. 4 mart kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Yevropaga gaz yetkazib berishni toʻxtatish imkoniyatini koʻrib chiqayotganini bildirishi ham xavotirlarni kuchaytirmoqda. “Rossiya uchun hoziroq Yevropaga gaz yetkazib berishni toʻxtatib, boshqa bozorlarga eʼtibor qaratish foydaliroq”, degan Rossiya prezidenti. Bunday qaror amalga oshsa, Serbiya prezidenti Vuchichning taʼbiri bilan aytganda, “neft narxi Yevropani oʻldiradi. Yevropa Hormuz boʻgʻozi yopilishi oqibatida “doʻzaxga qulaydi”.

Kim zarar koʻrmoqda?

Mojaro nafaqat mintaqada xavfsizlikka tahdidni kuchaytirdi, balki infratuzilmalar va iqtisodiyotni ham izdan chiqarmoqda.

Umumlashtirib aytganda, bu avvalo energiya importiga qaram mamlakatlarda yoqilgʻi qimmatlashishi va iqtisodiy oʻsishni sekinlashtiradi. Rivojlanayotgan iqtisodiyotlarda esa inflyatsiya va valyuta bosimi kuchayadi. Global ishlab chiqarish va transport sohasida yoqilgʻi xarajatlari oshishi sababli narxlar koʻtariladi. Oddiy isteʼmolchilar uchun esa benzin, elektr energiyasi va oziq-ovqat narxlari oshishi ehtimoli katta.

Davlatlar miqyosida olganda eng asosiy zarar koʻrayotgan subʼektlar sifatida Xitoyni koʻrsatish mumkin. Xitoy mojarodan avval oʻzi isteʼmol qiladigan neftning deyarli yarmini Yaqin Sharq davlatlaridan import qilgan. Mojaro natijasida yuzga kelgan neft taqchilligi Xitoy iqtisodiyotiga zarba beradi. Natijada u boshqa bozorlarni izlashga, oʻzi uchun noqulay shartnomalar tuzishga majbur boʻladi.

Yaqinda eʼlon qilingan maʼlumotlarga koʻra, Xitoyga Yaqin Sharq davlatlarida yirik tonnajli yuklarni yetkazish uchun fraxt (“yoʻlkira”) narxlari 1,9 baravarga oshgan.

Bundan tashqari, Xitoyda ishlab chiqarilgan tovarlarni eksport qilish uchun asosan Pokiston va Eron portlari orqali okeanga chiqadi. Bu yoʻl esa Afgʻoniston orqali oʻtadi. Hozirda bu davlatlarning barchasida qurolli toʻqnashuvlar yuz berayotgani logistika xavfsizligi va “yoʻlkira” narxlarini oshiradi. Demakki, tovarlar narxi oshib, raqobatbardoshligi va marjasi pasayib ketadi.

Neft narxining oshishi Rossiya daromadlarini orttiradi va Ukrainaga qiyin boʻladi. Gʻarb va AQShning Yaqin Sharqdagi mojaroga oʻralashib qolishi esa Kiyevni yanada yolgʻizlanib qolishiga olib keladi.

Shu bilan birga, Yaqin Sharqdagi turizm sanoati va aviatashuvlar sohasi ham qulaydi. Maʼlum boʻlishicha, turizm kompaniyalari aksiyalari pandemiyadan beri eng jiddiy tarzdagi boʻronlar fonida keskin tushib ketgan.

Masalan, eng katta Fors koʻrfazi aeroportlari, jumladan, dunyodagi eng qatnovlar koʻp – odatda kuniga 1000 dan ortiq reysni qabul qilgan Dubay xalqaro aeroporti 3 kun davomida yopiq qoldi. Natijada, oʻnlab minglab yoʻlovchilar qiyin ahvolga tushdi va aviatsiya COVID-19 pandemiyasidan beri eng jiddiy sinovga duch keldi.

Urush sababli AQSh aviakompaniyalarining aksiyalari narxi tushdi, shu bilan birga Delta Air Lines, United Airlines va American Airlines aksiyalari 2-4%ga kamaydi. Reuters hisob-kitoblariga koʻra, Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikadan 29 ta yetakchi aviakompaniya, mehmonxona va turistik kompaniyalar 2 mart kuni umumiy hisobda 22,6 milliard dollarga bozor qiymatini yoʻqotdi.

Yevropaning eng katta turistik kompaniyasi TUI aksiyalari 9,9%ga tushdi, Germaniyaning Lufthansa 5,2%ga, British Airways egasi IAG esa 5,5%ga qiymat yoʻqotdi.

Albatta, mojarodan Eronning oʻzi eng katta zarar koʻradi. Hozirgacha Eronning havo hujumidan himoya tizimlari, raketa, dron zaxiralari katta zarar koʻrdi. AQSh va Isroil yaqin kunlar ichida Eron osmoni ustidan toʻla nazorat oʻrnatilishini aytmoqda. Shunday ham oyiga 50-100 dollar daromadga yashaydigan xalqning ahvoli qiyinlashadi. Mamlakat iqtisodiy taraqqiyoti orqaga ketadi.

Kim qisman yutmoqda?

Eron atrofidagi mojarodan neft va gaz ishlab chiqaruvchi davlatlar qisman foyda koʻradi. Yaʼni yuqori narxlar hisobidan eksport daromadlari ortishi mumkin. Rossiya, Venesuela, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Turkmaniston uchun shunday imkoniyat paydo boʻladi. Xususan, Rossiyaning daromadlari ortib, Ukraina bilan urushda ustunligi kuchayadi.

Shu bilan birga, NATO bosh kotibining bildirishicha, “Eron oʻzining ommaviy qirgʻin quroli boʻlgan “Shahid” dronlari yordamida Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy harakatlariga koʻmaklashgan asosiy sheriklardan biri edi. Endilikda Eronning Isroil va AQSh tomonidan keng koʻlamli hujumga uchrashi uning oʻz tartibsizliklarini hatto Rossiyaga va shu tariqa Ukrainaga ham eksport qilish qobiliyatini zaiflashtiradi”.

Agar Hindiston uchun Yaqin Sharqdan neft importi pasayib ketsa, yana Rossiyadan neft sotib olishga qaytishi mumkin.

Associated Press yozishicha, Rossiya nefti narxi dekabr oyida barreli 40 dollar boʻlgan boʻlsa, Erondagi urush boshlanishi va Hormuz boʻgʻozi orqali deyarli barcha yetkazib berish toʻxtatilishi bilan 62 dollarga chiqdi. Rossiya nefti hali ham Brent (1 barreli – 82 dollar) narxidan arzon savdolashadi, ammo bu 2026 yil uchun Rossiya moliya vazirligi prognozidan (1 barreli – 59 dollar) yuqori. Neft va gaz federal byudjet daromadining 30% gacha qismini tashkil qiladi.

Rossiya iqtisodiyoti boʻyicha mutaxassis Aleksandra Prokopenkoning taʼkidlashicha, koʻp narsa Hormuz boʻgʻozi qancha vaqt yopiq qolishiga bogʻliq. Uning fikriga koʻra, AQSh-Isroil operatsiyasi tezda tugab, Brent narxi barreli 65 dollarga qaytsa, qisqa muddatli narx oshishi Rossiya byudjetiga kuchli taʼsir qilmaydi. Oʻrta ssenariyda, yetkazib berish qisman tiklanib, neft narxi taxminan 80 dollar darajasida barqarorlashsa, Rossiyaga “byudjetda ayrim yengillik” beradi, bu yuqori narxlar qancha muddat saqlanishiga bogʻliq.

Prognozlarga koʻra, Eron zarbalari sababli neft qayta ishlash zavodlari va quvurlar uzoq muddatga yopilsa, neft narxi barreli 108 gacha koʻtarilishi mumkin va bu inflyatsiyani tezlashtirib, Yevropani retsessiya chegarasiga olib kelishi ehtimoli bor. “Bu ssenariy Rossiya uchun eng katta foyda keltiradi”, – degan Prokopenko.

Yaqin Sharqdagi mojarodan Markaziy Osiyo davlatlari ham Gʻarb va Sharq oʻrtasidagi tranzit mavqesidan unumli foydalanib qolishi mumkin. Buning ustiga agar Rossiyaga qoʻyilgan sanksiyalar bekor qilinmasa, ularni aylanib oʻtish uchun MO davlatlari ishga solinadi. Natijada ularda ham yana bir daromad manbai paydo boʻlishi mumkin.

Shuningdek, harbiy sanoat kompleksi – qurol-yarogʻ va mudofaa buyurtmalari oshishi ehtimoli bor. Zero, butun dunyoda qurollanish poygasi boshlanmoqda. Xavfsizlikka esa pulni ayab oʻtirishmaydi.

Qolaversa, “xavfsiz aktivlar” bozori – oltin va AQSh dollariga ham talab kuchayishi mumkin.

Biroq bu yutuqlar qisqa muddatli boʻlishi mumkin, chunki umumiy global iqtisodiy beqarorlik barchaga salbiy taʼsir qiladi. Oxir-oqibat bu butun dunyo davlatlari uchun zarar keltira boshlaydi.

Siyosiy oqibatlar

Mintaqadagi mojaro, tashqi bosim Eron ichida xalqning hukumat atrofida jipslashuvini kuchaytiradi. AQSh-Isroil kutgan natijaning teskarisi – Oyatullo rejimining mustahkamlanishiga guvoh boʻlamiz.

AQShda tashqi siyosiy qarorlar ichki siyosiy hisob-kitoblarga va xavotirlarga sabab boʻlishi mumkin. Chunki demokratlar va hatto ayrim Respublikachilar ham prezident Donald Trampning kongressdan ruxsat olmasdan urush boshlagani va hozirgacha 5 milliard dollardan ziyod bevosita urush xarajatlariga sabab boʻlgani uchun qoralamoqda. Eng qizigʻi, Progress America tahlil markazining bildirishicha, 5 millard dollar – faqatgina birinchi olti kun davomidagi harbiy operatsiyaning boshlangʻich xarajatlarini oʻz ichiga oladi va uzoq muddatli xarajatlarni inobatga olmaydi. Qoʻshinlarni tiklash, jarohatlanganlarga tibbiy yordam koʻrsatish, mintaqaviy ittifoqchilarni qoʻllab-quvvatlash va iqtisodiy oqibatlar bunga kirmaydi.

Ayniqsa, Eron dronlariga qarshi urush AQSh uchun halokatli boʻlyapti, deb yozmoqda New York Times. Maʼlumki, Amerikaning Patriot kompleksi, raketa himoyasida “oltin standart” sifatida hisoblanadi. Har bir raketaning hujumi 3 million dollarga tushadi. Lekin 1 ta eronlik dronning narxi 50 ming dollardan oshmaydi. Ayrim dronlar 5 ming dollar turadi hatto.

Mojaro, shuningdek, demokratlar obroʻsining ortishi, joriy yil oʻrtasida oʻtkaziladigan oraliq saylovlarda demokratlarning kongress hamda vakillar palatasidagi salmogʻi ortishiga olib keladi. Demakki, Tramp qarorlarini bekor qilish va unga impichment eʼlon qilinishi ehtimoli ham kuchayadi.

Aslida, hozirdanoq demokratlar orasida impichment masalasi yanada oʻtkirlashmoqda. Hatto Trapmni AQSh manfaatlariga xiyonat qilishda ham ayblashyapti. Xususan, AQSh senatori Berni Sanders “Netanyaxu Gʻazoni yoʻq qilish uchun milliardlab dollar talab qildi. Unga shuncha pul berildi. Netanyaxu Eronga qarshi urushni istadi. Tramp unga ruxsat berdi” degan oʻz intervyusida.

“AQSh tashqi va harbiy siyosati faqat amerikaliklar tomonidan belgilashi kerak. Netanyaxuga oʻxshagan ekstremist hukumatlar tomonidan emas”, deya eʼtiroz bildirgan senator.

Senator-demokrat Elizabet Uorren esa “Tramp haligacha Eronga qarshi urushning aniq sababini koʻrsatmadi va, bundan koʻrinib turibdiki, uni qanday yakunlash boʻyicha ham unda tayinli reja yoʻq”, deya bayonot berdi.

Xalqaro maydonda bu mojaroning oqibatlari chuqur xavotir bilan muhokama qilinmoqda. Masalan, Ispaniya bosh vaziri oʻz hududidagi AQSh bazalaridan Eronga hujum uchun foydalanishga ruxsat bermasligini aytdi. Tramp esa bunga javoban Ispaniya bilan iqtisodiy aloqalarni toʻxtatish bilan tahdid qildi.

BMTning mustaqil komissiyasi ham Isroil va AQShning zarbalari tashkilot nizomiga zid ekanini tan oldi. Yevropa davlatlari mojaroning xalqaro huquq nuqtai nazaridan bahsli ekanini taʼkidlamoqda. Shunday boʻlsa-da, ular Eronning Yaqin Sharq davlatlariga raketa zarbalari berayotganini qoralab chiqishdi va kerak boʻlsa, Eronga qarshi frontda urushga qoʻshilishga tayyorligini bildirmoqda.

Qolaversa, 4 mart kuni Suriya osmonida Eron ballistik raketasi tutib olindi. U katta ehtimol bilan AQShning Turkiyadagi Injirlik harbiy bazasi tomon yoʻnalatirilgan. Natijada Eron elchisi Turkiya TIVga chaqirtirilib, u orqali jidiy ogohlantirilgan. Prezident Erdoʻgʻon mamlakat oʻz xavfsizligini tasodif izmiga topshirib qoʻymasligini taʼkidlagan.Turkiya Erondan uchirilgan raketa yoʻq qilinganidan keyin har qanday dushmanona harakatlarga javob beradi, degan Turkiya yetakchisi. Demak, yana bir shunday holat takrorlansa, Turkiya ham Eronga qarshi hujumlarga qoʻshilishi mumkin. Toʻgʻri, avvalroq Saudiya Arabstoni va BAA ham shunday ogohlantirish bergan edi. Ammo Turkiya ogohlantirishlarini yerda qoldirmaydigan davlat sifatida tanilgan. Masalan, 2015 yilda Rossiyaning SU-24 qiruvchi samolyoti Turkiya havo chegarasini Suriya tomondan buzib oʻtganida urib tushirilgan edi. Garchi oʻshanda Turkiya-Rossiya hamkorligi oʻta yuqori edi.

Qolaversa, NATO ham Turkiyaga qilingan hujumni tashkilot ustavidagi 5-moddani ishga tushirish uchun yetarli asos deb hisoblamoqda. Zero 5-moddaga koʻra, NATOga aʼzo davlatning birortasiga hujum butun NATOga hujum sifatida baholanadi va tegishli choralar koʻriladi. Xususan, “NATO Eronga qarshi kollektiv himoya moddasini qoʻllashga tayyorlanmoqda”, deya maʼlum qilgan tashkilot bosh kotibi Mark Ryutte. Demakki, vaziyat ogʻirlashsa, NATO ham Eronga qarshi urushga qoʻshilishi mumkin.

AQSh foyda koʻradimi yoki zarar?

AQSh (aniqrogʻi, Isroil) Eronda tuzumni oʻzgartira olsa va kelishadigan rahbar qoʻya olsa, katta siyosiy foyda boʻladi. Demak, Yaqin Sharq deyarli butunlay AQSh-Isroil manfaatlariga xizmat qiluvchi mintaqaga aylanadi, uning resurslari “begona” boʻlmaydi. Qolaversa, Rossiyaning Yaqin Sharqdagi oxirgi forposti ham yoʻq boʻladi.

Biroq bunga erishmagan taqdirda AQSh tomoni katta siyosiy foyda oldi: shu paytgacha neftidan kelayotgan katta pullardan sarmast boʻlib, “burni koʻtarilib ketgan” arab shayxlarining popugi pasaydi, ularning pullari va qurollari AQSh boʻlmasa hech narsa qila olmasligini, aslida ojiz subʼektlar ekanini koʻsratib qoʻydi. Demakki, ularning AQShga qaramligi yanada ortadi. Vashington ham neft narxini savdolashish va boshqa muzokaralarda ular tomonidan katta “yonbosish” va chegirmalar berilishiga erisha oladi.

Ikkinchidan, Yaqin Sharqdagi neft ishlab chiqarish va sotish bozorining beqarorligi fonida Venesuela nefti ustidan nazorat oʻrnatgan AQSh katta foyda koʻradi. Neft bozorida va siyosiy manipulyatsiya maydonida monopoliya oʻrnatadi.

Mojaro Tramp intilayotgan buyuk maqsadlardan biri – Xitoyning kuchsizlanishiga sabab boʻladi. Logistika borasida esa Osiyo davatlari TRIPP, yaʼni Tramp yoʻlidan foydalanadi. Bu yoʻlakning ham AQSh maʼmuriyati nazorati ostida ekanini unutmaslik lozim.

Qolaversa, Tramp Kavkaz va Markaziy Osiyo davlatlarida oʻz mavqeini yaxshilab olgani inobatga olinsa, Xitoyning AQShga qaramligi ortishi kutilmoqda.

Biroq mojaro choʻzilib ketsa, AQSh byudjeti va Tramp obroʻsiga zarari koʻpayadi. 10 yil avval shia proksi guruhlari va Bashar Asadni agʻdara olmagan AQSh endi Eronni agʻdarishiga ishonish qiyin. Chunki Iroq, Suriya va Liviyada tuzumni agʻdarishning yagona omili – xalqning isyon koʻtarishi boʻlgan edi. Eronda esa xalqning yarmi bosh koʻtarishdan qoʻrqadi, qolgan yarmi esa rostan Oyatullorejimini qoʻllaydi.

Mojaroning rivojlanish ssenariylari

Prognozlarga koʻra, qisqa muddatda (bir necha hafta ichida) neft va gaz narxlarida yuqori oʻzgaruvchanlik saqlanadi. Harbiy eskalatsiya xavfi ham yoʻqolmaydi. Chunki oxirgi maʼlumotlarga koʻra, garchi Tramp buni tan olmagan boʻlsa-da, AQSh MRB Iroqdagi kurdlarni qurollantirib, Eron hukumatiga qarshi kurashga koʻndirgan. Ayni paytda bir necha ming kurd jangarilari Eron chegarasini buzib oʻtib, pozitsiyalarni egallagan. Qolaversa, Eron atrofiga quruqlikdagi qoʻshinlarni keltirish jarayoni ham tezlashdi. Demak, quruqlikdagi operatsiya boshlanishi mumkin.

Rossiya, Sudan, Yaman va hatto Afgʻonistondagi jangari guruhlar Eron tarafida turib urishishga tayyorligini aytgan. Demak, urush Eron chegarasidan chiqib mitaqaviy, hattoki dunyo miqyosidagi inqirozga aylanib ketishi mumkin.

Oʻrta muddatda (1-3 oy)da energetik taʼminotni diversifikatsiya qilishga urinishlar kuchayadi. Davlatlar strategik zaxiralardan foydalanishi mumkin.

Uzoq muddat uchun moʻljallangan ssenariylarga koʻra, muqobil transport yoʻlaklariga investitsiyalar oshadi. Ayniqsa, “oʻrta yoʻlak” – Xitoy-Markaziy Osiyo-Ozarbayjon-Turkiya-Yaqin Sharq-Yevropa yoʻnalishining ahamiyati ortadi.

Shuningdek, yangilanuvchi energiya manbalariga oʻtish jarayoni tezlashishi mumkin. Bundan tashqari, neft narxi, eskalatsiya choʻzilsa, yanada oshib ketishi kutilyapti.

Asosiy xulosa

Eron mojarosi global iqtisodiyot uchun salbiy omil hisoblanadi. Qisqa muddatli foyda ayrim energiya ishlab chiqaruvchilar va harbiy sanoatga tegishli boʻlishi mumkin, ammo umumiy hisobda energiya importiga qaram davlatlar zarar koʻradi, inflyatsiya va iqtisodiy beqarorlik kuchayadi, jahon iqtisodiyotida noaniqlik ortadi.

Shu bois, ushbu mojaro nafaqat mintaqaviy, balki global energetik va moliyaviy xavfsizlik masalasiga aylandi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Abulfayz Sayidasqarov

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid