Chet el fuqarolariga QQS qaytarish tizimi qamrovi kengaytiriladi
2026 yil 1 apreldan respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi takomillashtiriladi.
“Chet el fuqarolariga qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–78-son, 05.03.2026 y.) qabul qilindi.
Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilandi, jumladan:
- chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi qamrovini kengaytirish;
- 2026–2027 yillarda chet el fuqarolari tomonidan amalga oshiriladigan xaridlar hajmini 10 baravarga oshirish.
Qarorga koʻra, 2026 yil 1 apreldan:
- respublikaning barcha xalqaro aeroportlarida chet el fuqarolariga QQSni qaytarish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
- chet el fuqarolariga ularning ixtiyoriga asosan QQSni naqd pulda qaytarib olish imkoniyati yaratiladi. Bunda qoʻshilgan qiymat soligʻining belgilangan stavkasi miqdorining 85 foizi chet el fuqarosiga qoʻshilgan qiymat soligʻi summasini qaytarishga, 15 foizi “tax free” tizimi operatorining xizmatlariga yoʻnaltiriladi;
- QQSni chet el fuqarolarining bank kartasiga qaytarish tovarlar olib chiqib ketilgan kundan keyin 3 ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi;
- chet el fuqarolariga QQSni qaytarishda minimal xarid qiymati QQSni inobatga olgan holda 300 ming soʻm etib belgilanadi;
- “tax free” tizimi tatbiq etiladigan tovarlarning chegaralangan roʻyxati (bundan oziq-ovqat mahsulotlari mustasno) bekor qilinadi.
