Prezident ayrim viloyat hokimlari va oʻrinbosarlarini tanqid qildi
Ular farmatsevtika loyihalarini oʻz holiga tashlab qoʻygan. Misol uchun, 25 gektardagi Jizzax farmzonasida oʻtgan yili umuman dori ishlab chiqarilmagan.

Respublika boʻyicha jami 136 gektar maydonda 5 ta farmatsevtika zonasi tashkil qilinib, infratuzilma bilan bogʻliq barcha masalalar hal qilib berilgan.
Lekin ayrim viloyat hokimlari, ularning investitsiya boʻyicha oʻrinbosarlari farmatsevtika loyihalarini oʻz holiga tashlab qoʻygani tanqid qilindi.
Misol uchun, 25 gektardagi Jizzax farmzonasida oʻtgan yili umuman dori ishlab chiqarilmagan. Yoki Boʻstonliq farmzonasidagi 14 gektar yer 2017 yildan beri boʻsh turibdi.
Oʻtgan yili Jizzax va Samarqandda birorta ham loyiha ishga tushmagan boʻlsa, Buxoroda atigi 200 ming, Xorazmda 2 million dollarlik bittadan loyiha boʻlgan, xolos.
Hokimlar yangi loyihalarni koʻpaytirish u yoqda tursin, bor quvvatlarni ham ishlata olmayotgani koʻrsatib oʻtildi. Oʻtgan yili respublikadagi 96 ta korxonaning aylanmasi 312 milliard soʻmga pasaygan.
