Pedofiliya uchun shafqatsiz jazolar kerak, lekin...
Ishonchli sud tizimi va adolat tamoyillarini ham oʻylash kerak. Aks holda kimlardir tuhmat bilan umrbodga qamalib ketishi ehtimoldan xoli emas.

Koʻpincha qonunlarning takomillashuvi mavjud vaziyat va hal qilishini kutayotgan muammolarga javoban yuz beradi. Yurtimizda ham voyaga yetmaganlarga nisbatan ogʻir jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini joriy etish masalasi keng muhokama qilinmoqda. Chunki bunga turtki boʻladigan omillar koʻpaymoqda.
Vaziyat ogʻir, qonunchilik “yumshoq”
2024 yilda oilaviy mehribonlik uyining 18 yoshga toʻlmagan, yetim hamda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan tarbiyalanuvchilari bilan bir yil davomida oʻziga biriktirilgan xizmat uyida jinsiy zoʻrlab kelgan Xorazm viloyat adliya boshqarmasi sobiq boshligʻi Oybek Masharipov va FVVning tuman boʻlimi sobiq boshligʻi Anvar Kuryazovga hamda yetimxonani fohishaxonaga aylantirgan direktorga yengil jazo berildi, degan gumonlar ortidan pedofillarga jazoni ogʻirlashtirish masalasi yanada dolzarblashdi.
2025 yilda Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanida 7 yoshli qizga nisbatan 38 yoshli qarindoshi tomonidan sodir etilgan jinoyatdan soʻng bu masala yana jamoatchilik muhokamalari markaziga qaytdi. Mazkur voqea jinoyatni yumshatilgan yoki anʼanaviy tarzda jazolash orqali hal qilishning samarasizligini ochiq koʻrsatdi.
Oliy Majlis deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzosi Dilnoza Azizova bunday holatlarni tizimli muammo deb atab, anʼanaviy yumshoq jazolar, masalan, “axloq tuzatish ishlari” bu turdagi jinoyatlarning oldini olmasligini taʼkidladi.
Azizovaning fikriga koʻra, jazoni qisqartirish va jinoyatchilarning erkin harakatlanishi davlatning bolalarga nisbatan munosabatini aks ettiradi. Shu bois deputat qonunchilikda qatʼiy choralarni mustahkamlash zarurligini, bunday jinoyatchilarni kechirish mumkin emasligini, umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini qonun darajasida belgilash kerakligini taʼkidladi.
Amaliy qadamlar
Voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik uchun jazoni ogʻirlashtirish taklifi “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish davlat dasturi loyihasi doirasida ham ilgari surildi va bolalarni zoʻravonlikdan himoya qilish boʻyicha yondashuvni tubdan oʻzgartirishni koʻzda tutadi.
Endi 14 yoshga toʻlmagan bolalarga nisbatan sodir etilgan ogʻir jinsiy jinoyatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etiladi. Bunday ishlar boʻyicha tergov va ayblov jarayoni prokuraturaning alohida nazorati ostiga olinadi.
Maʼlumotlarga koʻra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbarining birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva bolalarga qarshi jinoyatlar uchun masʼuliyatni kuchaytirish masalasida qatʼiy pozitsiya bildirdi. Uning taʼkidlanishicha, jamiyatda qonun ogʻir jinoyatlar uchun jazoning shartlisiz qoʻllanilishini taʼminlashi lozim.
Avvalgi qonunchilik qanday edi?
Jinoyat kodeksiga muvofiq, bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun uzoq muddatli, ammo cheklangan ozodlikdan mahrum qilish jazolari nazarda tutilgan edi. Umrbod qamoq jazosi majburiy sanksiya sifatida belgilanmagan. Qolaversa, sud jazo tayinlashda holatning ogʻirligi, takroriylik va boshqa omillarni inobatga olar edi.
Lekin soʻnggi yillarda bolalar pornografiyasi, majburiy harakatlar va zoʻravonlik holatlari boʻyicha javobgarlik kuchaytirilgan boʻlsa-da, umrbod qamoq masalasi ilk bor tizimli tarzda koʻtarilmoqda.
Zero, mamlakatda nafaqat jinsiy zoʻravonlik, balki bollar pornografiyasi jinoyatlari ham maʼnaviy-axloqiy muhitga tahdid solmoqda. Birgina 2013-2017 yillarda bunday holatlar 3 baravarga koʻpaygan.
Masalan, yaqinda yopiq Telegram-kanallar orqali bolalar ishtirokidagi pornografik videolarni tarqatib kelgan shaxslar qoʻlga olindi. Ulardan biri ana shunday materiallarni 837 kishiga sotib, jami 29,2 mln soʻm noqonuniy daromad topgan.
Fargʻona viloyatida 1997 yilda tugʻilgan shaxs Telegram-kanal administratori sifatida pornografik videolarni pul evaziga tarqatib kelgan. U 2025 yil fevral oyidan buyon tarmoqqa 925 ta turli koʻrinishdagi bolalar pornografik materiallarini joylashtirgan.
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi aniqlagan boshqa bir holatda 442 ta foydalanuvchiga ega yopiq Telegram-kanalda turli koʻrinishdagi 403 ta bolalar pornografik materiallarini tarqatib kelgan shaxs qoʻlga olingan. Bunday jirkanch kontent uchun mamlakatdagi voyaga yetmagan bolalar ham “aktyor” sifatida jalb etilmagani yoki majburlanmaganiga hech kim kafolat bera olmaydi.
Tabiiyki, bolalarga nisbatan sodir etilayotgan bunday mudhish jinoyatlar jamiyatda katta norozilik uygʻotmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida jazoni keskin kuchaytirish talablari bot-bot yangramoqda. Shu bois, qonun tashabbuskorlari fikricha, maksimal jazo chorasi potensial jinoyatchilar uchun kuchli toʻsqinlik mexanizmi boʻlib xizmat qilishi mumkin.
Xalqaro amaliyot
Sir emas, Oʻzbekiston soʻnggi yillarda bolalar huquqlarini muhofaza qilishga qaratilgan islohotlarni kuchaytiryapti. Umrbod jazo taklifi shu siyosatning davomi sifatida baholanmoqda. Bunda albatta xalqaro amaliyotga ham murojaat qilinadi.
Masalan, AQShning ayrim shtatlarda bolalarga nisbatan ogʻir jinsiy jinoyatlar uchun umrbod qamoq, hatto shartli – muddatidan oldin ozodlikka chiqish huquqisiz jazo qoʻllaniladi. Seriyali jinoyatchilarga nisbatan jazo esa juda qattiq.
Shuningdek, koʻpchilik shtatlarda pedofillar jazoni oʻtab qaytganidan keyin ham, maxsus hisobda turadi. Ular biror joyga doimiy yashash uchun koʻchib oʻtsa, politsiya oʻsha hudud aholisini shunday shaxs ularga qoʻshni boʻlgani haqida darhol ogohlantiradi.
Buyuk Britaniyada ayrim holatlarda sud umrbod qamoq (shartli ozodlikka chiqish huquqisiz) jazosini tayinlashi mumkin. Biroq bu faqat eng ogʻir va takroriy jinoyatlarga nisbatan qoʻllanadi.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining aksariyatida bu kabi jinoyatlar uchun maksimal jazo 15-20 yilni tashkil etadi. Baʼzi davlatlarda umrbod jazo mavjud boʻlsa-da, amalda kam qoʻllaniladi va qayta koʻrib chiqish mexanizmi bor.
Tailand va ayrim Osiyo davlatlarida bolalarga qarshi jinoyatlar uchun uzoq muddatli yoki umrbod qamoq jazosi nazarda tutilgan.
Shuningdek, ayrim davlatlarda pedofillarni kimyoviy kastratsiya – maxsus moddani jinoyat tanasiga kiritib, jinsiy noqobil holga keltirish amaliyoti ham qoʻlliniladi. Misol uchun, Qozogʻistonda oʻtgan yilning 17 oktabridan boshlab pedofiliya uchun sudlangan shaxslarga nisbatan kimyoviy kastratsiya boʻyicha yangi qoidalar kuchga kirgan.
Mazkur chora sud qarori bilan qoʻllaniladi. Endi koloniya xodimlari mahkumning jazo muddati tugashiga kamida 12 oy qolganida, sudga materiallarni yuborishi lozim boʻladi, shundan soʻng sudlanuvchiga sud-psixiatriya ekspertizasi oʻtkaziladi. Mutaxassislar shaxsda jinsiy zoʻravonlikka moyillik bor yoki yoʻqligini aniqlaydi. Ularning xulosalari asosida majburiy chora sifatida kimyoviy kastratsiya tayinlanishi mumkin.Protsedura toʻgʻridan-toʻgʻri qamoqxonada oʻtkaziladi. Maʼlumot uchun, erkakdagi jinsiy mayl uchun javob beruvchi testosteron gormonining qondagi hajmini kamaytiruvchi bunday inʼeksiya vrachlar kuzatuvida muntazam amalga oshirib turilishi lozim.
Qirgʻizistonda esa shu kunlarda bolalar va ayollarga qarshi ogʻir jinoyatlar, jumladan pedofiliya va zoʻravonlik bilan qotillik uchun umrbod qamoq jazosini joriy qilish toʻgʻrisida qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Bu qonun loyihasini respublika prezidenti Sadir Japarov maʼmuriyati jamoat muhokamasiga taqdim etgan. Unga koʻra, qonunda jazoni yumshatish yoki muddatini almashtirish imkoniyati chiqarib tashlanadi. Shuningdek, jinoyat sodir etgan shaxsning mulki musodara qilinishi ham nazarda tutilgan.
Oʻtgan yil oxirida Japarov maktab oʻquvchisiga nisbatan sodir etilgan zoʻravonlik va qotillik voqeasidan soʻng bolalar va ayollarga qarshi ogʻir jinoyatlar uchun oʻlim jazosini qayta joriy qilishni taklif etgan edi. Biroq respublika Konstitutsiyaviy sudi bu tashabbus Konstitutsiyaga zid ekanini va uni referendumga qoʻyib boʻlmasligini qayd etdi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda qonunlarni liberizatsiya qilish doirasida oʻlim jazosi qoʻllanilmaydi – moratoriy eʼlon qilingan.
Jazoni ogʻirlashtirish qanchalik oqilona?
Jinoyat huquqi mutaxassislarning aytishicha, agar jinoyat oʻta ogʻir, zoʻravon va takroriy xarakterga ega boʻlsa, umrbod jazo jamiyatni himoya qilish nuqtai nazaridan asosli boʻlishi mumkin. Lekin qonun aniq va muvozanatli ishlab chiqilishi shart.
Sud amaliyoti boʻyicha ekspertlar esa barcha holatlarni bir xil baholamaslik, sudda individual yondashuv saqlanishi lozimligini taʼkidlashayapti.
Deputatlar nuqtai nazariga koʻra, yuqorida aytilganidek, bolalarga nisbatan zoʻravonlikka nisbatan murosasiz siyosat davlatning ustuvor vazifasi hisoblanadi.
Xulosa
Oʻzbekistonda pedofiliya uchun umrbod qamoq joriy etish tashabbusi jinoyat siyosatini keskin kuchaytirishga qaratilgan muhim qadamdir. Bu bolalar xavfsizligini taʼminlashga intilishning ifodasi hisoblanadi. Eng ahamiyatlisi – Oʻzbekiston aholisining deyarli 60 foizi yoshlar. Demak, bu kabi jinoyatlar mamlakat aholisining yarmidan ziyodiga tahdid soladi.
Shu bilan birga, bunday oʻzgarishlar aniq huquqiy mexanizmlar, qatʼiy protsessual kafolatlar, sud mustaqilligi va adolat tamoyillari asosida amalga oshirilishi lozim. Tergov va sud jarayonlarida xolislik va adolat kafolatlanmasa, bu kabi jazolashdan turli qudratli shaxslar oʻz raqiblari yoki dushmanlarini tuhmat orqali zararsizlantirish vositasiga aylanish xavfi ham mavjud.
Abulfayz Sayidasqarov
