Oʻzbekistonda kambagʻallikning yangi chegarasi belgilandi
2026 yil uchun hisoblangan minimal isteʼmol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 715 ming soʻmni tashkil etdi. Avval bu 669 ming soʻm edi.

Minimal isteʼmol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 715 ming soʻmni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich kambagʻallik chegarasini aniqlashda ishlatiladi.
2025 yil (yillik) inflyatsiyaning oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat mahsulotlari va xizmatlar boʻyicha narx indekslari asosida alohida indeksatsiya qilish natijasiga koʻra, 2026 yil uchun hisoblangan minimal isteʼmol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 715 ming soʻmni tashkil etdi.
Jahon tajribasida minimal isteʼmol xarajatlari koʻrsatkichidan kambagʻallik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan boʻlib, mazkur koʻrsatkichdan:
— davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy koʻmaklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
— mamlakatning kambagʻallik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real isteʼmol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
— kambagʻallikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
— pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambagʻal oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy koʻmaklarni koʻrsatishda mezon sifatida foydalaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasida ham mazkur amaliyot ilgʻor xalqaro tajriba va tavsiyalar asosida ishlab chiqilgan va oʻrnatilgan tartibda qabul qilingan uslubiyot asosida amalga oshirib kelinmoqda.
Eslatib oʻtamiz, 2025 yilda bu miqdor 669 ming soʻm etib belgilangandi.
