Oʻzbekiston Ozarbayjon hududiga dron zarbasini "qabul qilib boʻlmas holat" deb atadi
Mazkur hujum natijasida Naxchivanda tinch aholi jabr koʻrgan va fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazilgan.

Oʻzbekiston Ozarbayjon hududiga dron zarbasini "qabul qilib boʻlmas holat" deb atadi. Bu haqda ikki davlat TIV rahbarlari muloqotida aytiladi.
2026 yil 5 mart kuni Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov bilan telefon orqali muloqot oʻtkazdi.
Suhbat davomida ozarbayjonlik hamkasb Naxchivan Avtonom Respublikasiga nisbatan uchuvchisiz uchish apparatlari orqali amalga oshirilgan hujum bilan bogʻliq holat yuzasidan batafsil maʼlumot berdi. Mazkur hujum natijasida tinch aholi jabr koʻrgani va fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazilgani qayd etildi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekiston tomoni mazkur uchuvchisiz uchish apparatlari orqali amalga oshirilgan hujumlar yuzasidan jiddiy xavotir bildirdi. Xalqaro huquq prinsiplariga zid boʻlgan, boshqa davlatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzadigan bunday harakatlar mutlaqo qabul qilib boʻlmasligi taʼkidlandi.
Oʻz navbatida Eron tomoni Ozarbayjonga tushgan dronga aloqasi yoʻqligini bildirdi.
