Oʻtkazma maqsadini koʻrsatish ixtiyoriyga oʻzgartirildi
Markaziy bank mazkur masala yuzasidan takomillashtirilgan mexanizm ishlab chiqilgandan soʻng alohida tartibda maʼlum qilinishini aytdi.

Kartadan kartaga oʻtkazma maqsadini koʻrsatish ixtiyoriyga oʻzgartirildi. Bu haqda Markaziy bank xabarnomasida maʼlum qilingan.
Mijozlar uchun raqamli xizmatlar qulayligini oshirish maqsadida, tijorat banklari va toʻlov tashkilotlari mobil ilovalarda P2P oʻtkazmalarida operatsiya maqsadini koʻrsatish funksiyasini oʻz ichki siyosatlari va texnik imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ixtiyoriy tartibda, yaʼni yangi parametrlar bilan kengaytirib yoki taklif etilganlarini kamaytirib joriy etishlari mumkin.
Mazkur masala yuzasidan takomillashtirilgan mexanizm ishlab chiqilgandan soʻng qoʻshimcha ravishda alohida tartibda maʼlum qilinadi, deyiladi xabarda.
Avvalroq Markaziy bankning yangi talabi xufiyona iqtisodiyotga yoʻl ochishi mumkinligi tahlil qilingandi. Jamoatchilik va ayrim iqtisodchilar bu qaror ortida soliqqa tortish va nazoratni kuchaytirish boʻyicha maqsadlar ham boʻlishi mumkinligini taxmin qilgan.
