Koʻp kvartirali uylar qurilishi uchun yer ajratish va ruxsat berish jarayonlari vaqti qisqartiriladi
Ayrim yer uchastkalarida koʻp kvartirali uylarni kompleks qurilish mexanizmlari asosida barpo etish boʻyicha “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi eksperiment tarzida joriy etiladi.

Toshkentda aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash va uy-joy qurilishi sohasidagi yangi chora-tadbirlar ijrosiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbir Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazida tashkil etildi. Unda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi raisi Sherzod Qudbiyev, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sherzod Hidoyatov, shuningdek, Toshkent shahar hokimligi va boshqa mutasaddi idoralarning vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, Oʻzbekistonda aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash va qurilish sohasini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, 2026 yil 24 fevral kuni “Aholini uy-joy bilan taʼminlash ishlarini jadallashtirish va koʻp kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–29-son) qabul qilindi.
Mazkur hujjatga koʻra, islohotlarning asosiy maqsadlari:
- uy-joy qurilishini ragʻbatlantirish hamda fuqarolarning uy-joyga boʻlgan konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish,
-koʻp kvartirali uylar bozorida talabga mos ravishda taklif hajmini bosqichma-bosqich oshirib borish, yer ajratish va ruxsat berish jarayonlarini oʻz ichiga olgan investitsiya-qurilish davri muddatini 1,5 baravargacha qisqartirishdan iborat.
Shuningdek, hujjatga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda “Yangi Oʻzbekiston” massivlari uchun yangi hududlarni tanlash mezonlariga javob beradigan loyihalarga ushbu maqom beriladi. Bu esa ularga amaldagi tartib-taomillar va moliyalashtirish manbalarini qoʻllash imkonini yaratadi.
“Yangi Oʻzbekiston” massivlarida yoʻl-transport infratuzilmasini loyihalashda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya tejovchi uskunalar hamda muqobil issiqlik tizimlaridan keng foydalanish rejalashtirilgan. Bu esa zamonaviy va “yashil” shahar muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, sohada shaffoflikni taʼminlash va qurilish ishlari samaradorligini oshirish maqsadida “Koʻp kvartirali turar joy majmualarini qurishda kompleks qurilish mexanizmlarini joriy etish va shaffoflikni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–73-son, 2026 yil 24 fevral) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1 martdan 2028 yil 1 martga qadar ayrim yer uchastkalarida koʻp kvartirali uylarni kompleks qurilish mexanizmlari asosida barpo etish boʻyicha “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi eksperiment tarzida joriy etiladi.
Shu bilan birga, kompleks qurilish loyihalarini amalga oshirish uchun Prezident farmoniga muvofiq tashkil etilgan investitsiya kompaniyalari masʼul tashkilot sifatida faoliyat yuritadi.
Ularning asosiy yoʻnalishlaridan biri hududlarda yashil hududlarni — bogʻlar, ekoparklar va xiyobonlarni barpo etishdan iborat. Bu maqsadlar uchun davlat mulki obʼektlari va yer uchastkalarini sotishdan mahalliy byudjetlarga tushadigan mablagʻlarning 10 foizi, shuningdek, mahalliy byudjetlar qoʻshimcha manbalarining kamida 5 foizi yoʻnaltirilishi belgilangan.
Toshkent shahrida ham yashil hududlarni kengaytirish, shuningdek, har bir tumanda bittadan ekobogʻ tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, qurilish sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish ham nazarda tutilgan. Xususan, 2027 yil 1 yanvardan boshlab koʻp kvartirali uylarda qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun “Shaffof qurilish” tizimida beriladigan ruxsatnoma “Uy-joy” yagona raqamli urbanizatsiya platformasida idoralararo integratsiya asosida avtomatik tarzda shakllantiriladi.
