platina.uz
Jamiyat

Yaqin Sharq davlatlaridan besh mingdan oshiq oʻzbekistonlik qaytarildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻi doirasida Transport vazirligi tomonidan rezident va xorijiy aviakompaniyalar bilan aniq rejalar tuzilgan. 

Yaqin Sharq davlatlaridan besh mingdan oshiq oʻzbekistonlik qaytarildi

Yaqin Sharq davlatlardan besh mingdan oshiq mamlakatimiz fuqarolari Oʻzbekistonga qaytarildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Yaqin Sharq mintaqasida davom etayotgan harbiy nizo natijasida Bahrayn, Quvayt, Suriya, Iroq, Eron, Qatar, Isroil, Iordaniya, BAA, Livan davlatlarining havo hududi parvozlar uchun turli xil muddatlarga yopiqligicha qolmoqda.

28 fevraldan boshlab Oʻzbekiston shaharlaridan Dubay, Sharja, Madina, Doxa, Jidda, Tel-Aviv, Tehron, Quvayt yoʻnalishlarida barcha aviaqatnovlar bekor qilindi. Natijada 28 fevral – 2 mart kunlari Quvayt, Isroil, Saudiya Arabistoni, Qatar va BAA dan 1 681 ta fuqarolarimiz ucha olishmagan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fors koʻrfazi mamlakatlarida qolib ketgan yurtimiz fuqarolarini Oʻzbekistonga qaytib kelishlarini samarali tashkil etish yuzasidan bergan topshirigʻi doirasida Transport vazirligi tomonidan rezident va xorijiy aviakompaniyalar bilan aniq rejalar tuzildi.

Ishlarni muvofiqlashtirib borish maqsadida “Oʻzaviatsiya” agentligida 24/7 rejimda ishlaydigan shtab tashkil etildi.

Qator mamlakatlar havo hududining yopiq qolayotganligi hamda vaziyat oʻzgarib borayotganligini, shuningdek, xorijiy mamlakatlar aviatsiya hukumatlari bilan oʻtkazilgan muzokaralar yakuni boʻyicha erishilgan kelishuvlarni inobatga olgan holda barcha aviakompaniyalar parvozlarni bajarishda amal qilishi lozim boʻlgan talablar belgilandi.

Hozirgi vaqtda rezident va norezident aviakompaniyalar tomonidan 2026 yil 28 fevralgacha joʻnab ketgan yoʻlovchilarni Oʻzbekistonga qaytarish maqsadida parvozlar amalga oshirilmoqda.

Bugungi kun holatiga koʻra, mamlakatimiz rezident aviakompaniyalari tomonidan Madina va Jidda aeroportlaridan 21 ta parvozlar bajarilib 4 948 ta hamda Dubay shahridan 235 ta yoʻlovchilar Oʻzbekistonga olib kelinishi taʼminlandi.

Ushbu reyslar boʻyicha maʼlumotlarni aniqlashtirish uchun faqatgina aviakompaniyalarning vakolatxonalariga va ularning rasmiy veb-saytlarida koʻrsatilgan telefon raqamlariga (ishonch telefonlariga) murojaat qilish lozim.

Ehtimoliy tushunmovchiliklar va moliyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida faqat rasmiy maʼlumot manbalaridan foydalanish va tekshirilmagan vositachilarga murojaat qilishdan saqlanish tavsiya etiladi, deyiladi xabarda.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid