Ucell va Korzinka nomidan yolgʻon oʻyinlar oʻtkazilayotgani maʼlum boʻldi
Raqobat qoʻmitasi fuqarolarni aldanib qolmaslik boʻyicha ogohlantirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarni qiziqtirib, xalq orasida mashhur kompaniyalar tomonidan oʻtkazilayotgan yutuqli oʻyinda ishtirok etish orqali qimmatbaho sovgʻalar yutib olish mumkinligi haqidagi yolgʻon reklama aksiyalari haqida Raqobat qoʻmitasi ogohlantirish bilan chiqdi.
Ularning asl maqsadi aldov yoʻli bilan fuqarolarni ishontirib, ularning shaxsiy maʼlumotlarini bilib olishdan iboratligi aytilgan.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda Ucell mobil operatori bahor mavsumi kirib kelishi munosabati bilan oʻz abonentlariga 3 oylik bepul megabayt va qoʻngʻiroqlar taqdim etilishi haqida aksiya oʻtkazilayotgani, ushbu aksiyada qatnashish uchun Telegram kanalga kirib, shaxsiy maʼlumotlarni kiritib roʻyxatda oʻtish soʻralgan.
Shuningdek, Korzinka supermarketlar tarmogʻi (Anglesey Food MChJ XK) tashkil topganining 30 yilligi munosabati bilan Toshkent shahrida joylashgan 5 ta xonadon hamda 300 mln soʻmlik vaucherlar oʻynalishi haqida axborotlar berilgan boʻlib, ushbu aksiyada qatnashish uchun Telegram kanalga kirib, xarid chekini roʻyxatdan oʻtkazish koʻrsatib oʻtilgan.
Bu soxta (feyk) Telegram kanal boʻlib, u yerda maʼlumotlarni kiritish soʻraladi, maʼlumotlar kiritilsa, akkauntga firibgarlarga kirish imkoni (dostup) ochiladi. Ushbu usul aldov sxemasi boʻlib, shaxsiy maʼlumotlarni (ID-raqam, bank plastik kartalarini, ularning pin-kodini) qoʻlga kiritish yoki hisobingizdagi mablagʻ firibgarlar tomonidan yechib olinishi mumkin.
“Oʻz navbatida, Qoʻmita mutaxassislari tomonidan Ucell mobil operatori hamda Korzinka supermarketlar tarmogʻi rasmiy veb-saytlari oʻrganilganda bunday aksiyalar toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud emasligi maʼlum boʻlgan”, deyiladi qoʻmita xabarida.
