platina.uz
Siyosat

Prezident bir qator Yaqin Sharq davlatlari rahbarlari bilan muloqot oʻtkazdi

BAA, Quvayt, Qatar yetakchilari bilan suhbatda tomonlar oxirgi kunlarda mintaqadagi vaziyat tobora keskinlashib, nizo va ziddiyatlar avj olayotgani qattiq tashvishga solayotganini qayd etdi.

Prezident bir qator Yaqin Sharq davlatlari rahbarlari bilan muloqot oʻtkazdi

4 mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Tomonlar oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat tobora keskinlashib, nizo va ziddiyatlar avj olayotgani qattiq tashvishga solayotganini qayd etdi.

Muqaddas Ramazon oyida roʻy berayotgan bunday noxush holatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi hamda tinchlik-osoyishtalikka tahdid solayotgan har qanday harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish zarurligi taʼkidlandi.

Davlatimiz rahbari ushbu murakkab damlarda Oʻzbekistonning strategik sherigi va yaqin hamkori boʻlgan Birlashgan Arab Amirliklari Rahbariyati va xalqi bilan birdam va yakdil ekanini bildirdi.

Hozirda ushbu mamlakatda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolariga koʻrsatilayotgan amaliy koʻmak, ularni Vataniga qaytarish boʻyicha olib borilayotgan choralar uchun alohida tashakkur izhor etdi.

Oʻz navbatida Amirliklar yetakchisi ushbu sinovli damlarda Oʻzbekiston Prezidentining samimiy qoʻllab-quvvatlagani, koʻrsatayotgan birodarlik hurmati va hamjihatlik ruhi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni Kuvayt Davlati Valiahdi Shayx Saboh al-Holid al-Hamad as-Saboh bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Muloqot chogʻida oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida vaziyat keskinlashayotgani, mamlakatdagi turli infratuzilma obʼektlariga berilgan zarbalardan jiddiy xavotir bildirildi. Bunday salbiy harakatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi va ushbu sinovli damlarda Oʻzbekiston birodar Kuvayt xalqi bilan birdam hamda yelkadosh ekani taʼkidlandi.

Aholining tinchligi va osoyishtaligiga jiddiy xavf tugʻdiradigan har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish zarurligi qayd etildi.

Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari bu yerda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolariga koʻrsatilayotgan amaliy yordam uchun alohida tashakkur aytdi. Shuningdek, Kuvayt Amiri Mishʼal al-Ahmad al-Jobir as-Saboh Aʼlo Hazratlariga iliq salomlarini yoʻlladi.

Oʻz navbatida Kuvayt Valiahdi hozirgi qiyin vaqtda izhor etilgan doʻstona qoʻllab-quvvatlash va birdamlik tuygʻulari uchun Oʻzbekiston yetakchisiga mamlakat rahbariyati va xalqi nomidan chuqur minnatdorlik izhor etdi.

Bundan tashqari Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat davomida Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi va ziddiyatlar mintaqaviy barqarorlik va tinchlikka jiddiy tahdid solayotgani taʼkidlandi. Muqaddas Ramazon oyida musulmon ummati oʻrtasidagi kelishmovchilikni kuchaytiradigan nomaqbul harakatlardan chuqur xavotir ifoda etildi.

Davlat suvereniteti, tinchligi va osoyishtaligiga xavf soluvchi har qanday xatti-harakatlarni zudlik bilan toʻxtatish mintaqa davlatlarining umumiy manfaatlariga xizmat qilishi taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, Oʻzbekiston yetakchisi Qatarda boʻlib turgan fuqarolarimizning xavfsizligini taʼminlash va ularni Vataniga qaytarish boʻyicha koʻrilayotgan choralar hamda yaratilgan sharoit uchun Amir Aʼlo Hazratlariga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Oʻz navbatida Qatar Amiri hozirgi sinovli kunlarda Oʻzbekiston Prezidentiga doʻstona muloqoti, doimiy ravishda qoʻllab-quvvatlab kelayotgani, bildirgan samimiy birdamlik soʻzlari, ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga qaratayotgan katta eʼtibori uchun alohida tashakkur izhor etdi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid