Fan arbobi Sarvar Qodirov vafot etdi
U avtotraktor dvigatellari va avtomobil transporti ekspluatatsiyasi yoʻnalishida ilmiy maktab yaratgan yetuk olim sifatida eʼtirof etilgan.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi Sarvar Muqaddirovich Qodirov 86 yoshida vafot etdi.
Sarvar Qodirov 1940 yil 11 fevralda Toshkent shahrida tugʻilgan. U 1962 yilda Toshkent politexnika institutini tamomlab, mehnat faoliyatini shu dargohda assistent sifatida boshlagan. Keyinchalik Moskva avtomobil institutida stajyor-pedagog va aspirant boʻlib faoliyat yuritgan.
Faoliyati davomida Toshkent avtomobil yoʻllar institutida dotsent, kafedra mudiri, professor, oʻquv ishlari boʻyicha prorektor, 1995-2005 yillarda esa rektor lavozimlarida ishlagan. Avtotraktor dvigatellari va avtomobil transporti ekspluatatsiyasi yoʻnalishida ilmiy maktab yaratgan yetuk olim sifatida eʼtirof etilgan.
2003 yilda qizi Oydin Qodirova bilan hammualliflikda ruscha-inglizcha avtomobil va traktor lugʻatini tuzgan. Mazkur lugʻat Rossiya texnika oliygohlarida qoʻllanilmoqda.
57 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida koʻplab darslik va oʻquv qoʻllanmalar yaratgan. Asarlari Rossiya va Hindistondagi taʼlim muassasalarida ham foydalanilmoqda. Shuningdek, 40 ga yaqin risola, ocherk, qissa va romanlar muallifi boʻlib, ayrim asarlari xorijiy tillarda nashr etilgan.
