Bir paytlar katta resurs sarflab qurilgan doʻkonlar endi buziladi
Toshkent shahar hokimligi avtobus bekatlari doʻkonlardan xoli maskanga aylanishi haqida vaʼda bermoqda.

Toshkentdagi avtobus bekatlarida qurilgan barcha doʻkonlar koʻchiriladi. Poytaxt hokimligiga koʻra, bekatlarda endi doʻkon boʻlmaydi.
Hokimiyat jamoat transporti yoʻnalishlaridagi bekatlar oʻrnida xalq tilida “tijorat doʻkonlari” deb ataladigan 110 ta savdo obʼekti joylashganini aniqlagan. Ularning 61 tasi bekat majmuasi hududiga egalik qilish yoki uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan. Mazkur holatlarga huquqiy baho berilib, tegishli choralar koʻrilishi aytilgan.
Shahar maʼmuriyati qaroriga asosan barcha bekatlar yangilanadi, ruxsat beruvchi hujjatlarga ega tadbirkorlarga savdo nuqtalarini boshqa joyga koʻchirish orqali kompensatsiya berish mexanizmi nazarda tutilgan.
Eslatib oʻtish kerak, bir necha yil oldin bekatlarda mazkur turdagi savdo doʻkonlarini qurish ommalashib ketgandi.
