Terrorchilik tashkilotiga pul oʻtkazgan shaxs 10 yilga qamaldi
Uni bu ishga oʻz oʻgʻli jalb etgan. Oʻgʻilning aldovlariga uchgan yana 8 kishi tergov qilinmoqda, uning oʻziga esa qidiruv eʼlon qilindi.

Buxoroda terrorchilik tashkilotlariga pul oʻtkazgan shaxs qamaldi. Uni bu ishga daʼvat etgan oʻgʻliga qidiruv eʼlon qilindi.
Buxoro shahrida yashovchi, 1999 y.t. shaxs yot gʻoyalar taʼsirida 2019 yilda Suriya davlatidagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qoʻshildi. U jangarilar safida faoliyat olib borish bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli bahonalar bilan boshqalardan pul yigʻib, terroristik tashkilotning moliyaviy taʼminotini yaxshilashga koʻmaklashdi.
2021-2025 yillar davomida mazkur shaxs internet orqali oʻzbekistonlik fuqarolar bilan muloqotga kirishib, ularni kriptovalyuta koʻrinishida pul mablagʻlari yuborishga daʼvat qildi va natijada katta miqdorda pul yigʻishga muvaffaq boʻldi.
Hozirda uning aldovlariga uchib, pul yuborgan 8 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 155³-moddasi, yaʼni terrorizmni moliyalashtirish aybi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, u oʻzining qabih ishlariga Buxoro shahrida istiqomat qiluvchi, 1965 y.t. oʻz otasini ham jalb qildi. Ota esa oʻgʻlining aytganlarini bajardi.
Xususan, 2022-2025 yillar davomida ota “BINANCE” xalqaro kripto-birjasi orqali jami 13 597 USDT kripto-valyutasini oʻgʻliga yubordi.
Taʼkidlash lozimki, ota muqaddam diniy ekstremizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan materiallarni tarqatish bilan shugʻullanganligi uchun 2019 yilda huquq-tartibot idoralari tomonidan qoʻlga olinib, Jinoyat Kodeksining 244¹-moddasiga asosan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Keyinroq esa Buxoro shahar sudining ajrimi bilan, u shartli ravishda ozod qilingan.
Lekin, u davlat tomonidan oʻziga nisbatan koʻrsatilgan insonparvarlikning qadriga yetmasdan, bildirilgan ishonchni suiisteʼmol qildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida uning harakatlariga chek qoʻyilib, jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Buxoro shahar sudining hukmi bilan 1965 y.t. mazkur fuqaro Jinoyat Kodeksining 155³-moddasi 2-qismi “a” bandi va 278⁸-moddasi 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 10 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Uning 1999 y.t. oʻgʻli esa Jinoyat Kodeksining 244¹, 244², 155², 155³-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun, unga nisbatan qidiruv eʼlon qilindi.
