Shavkat Mirziyoyev mudofaa boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi
Unda rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribasi va jangovar harakatlar tajribasini oʻrganish, harbiy boshqaruv va tayyorgarlik tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.

3 mart kuni Prezident, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev huzurida mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.
Mudofaa vaziri qoʻshinlarning jangovar shayligini oshirish, qism va boʻlinmalarni tezkor tayyorlash, ularni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnikalar bilan taʼminlash, harbiy-maʼmuriy sektorlar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida axborot berdi.
Rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribasi va jangovar harakatlar tajribasini oʻrganish, harbiy boshqaruv va tayyorgarlik tizimiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, qoʻshinlar samaradorligini oshirish uchun yangi texnologiyalar, jumladan, uchuvchisiz tizimlar va raqamli boshqaruv yechimlarini keng qoʻllash zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, harbiy-maʼmuriy sektorlar, poligonlar, taʼlim muassasalari va moddiy-texnik taʼminot obʼektlari infratuzilmasini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish hamda rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi.
Harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishni izchil davom ettirish, ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish, zamonaviy qurol-yarogʻ va texnologiyalarni oʻzlashtirishga qaratilgan dasturlarni kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
