Markaziy bank kartadan kartaga pul oʻtkazishda yangi talabni ishga tushirdi
Banklarga endilikda mobil ilovalar orqali oʻtkazmalar amalga oshirilganda “oʻtkazma maqsadini koʻrsatish” boʻyicha koʻrsatma joʻnatilgan.

Markaziy bank kartadan-kartaga oʻtkazmalar boʻyicha yangi “nazorat arxitekturasi”ni joriy qilmoqchi.
Bu haqda bank sohasidagi yangiliklarni yoritib boruvchi nashrlar xabar berdi. Markaziy bank tijorat banklari va toʻlov tashkilotlariga endilikda mobil ilovalar orqali oʻtkazmalar (kartadan-kartaga) amalga oshirilganda “oʻtkazma maqsadini koʻrsatish” boʻyicha koʻrsatma joʻnatgan.
Bunda foydalanuvchi oʻtkazmani amalga oshirganida majburiy ravishda oʻtkazma maqsadini tanlashi kerak boʻladi.
Hozircha ayrim ilovalarda bu talab ishga tushirilgan, ayrimlarida esa yoʻq. Tez orada barcha ilovalarda mazkur tartib yoʻlga qoʻyilishi aytilmoqda.


Sababi, regulyator bu talabni joriy qilmagan banklar va toʻlov tashkilotlariga nisbatan chora koʻrilishi haqida ogohlantirgan.
Joʻnatilgan koʻrsatmada “Maqsadlar” 16 turga ajratilgan.
Eslatib oʻtamiz, 2025 yil 2 iyuldan BHMning 30 baravaridan oshgan oʻtkazmalarda nazorat kuchaytirilishi maʼlum qilingandi.
