platina.uz
Siyosat

Jinsiy jinoyatlar boʻyicha tergov vakolati prokuraturaga oʻtadi

Bu haqda Prezident farmoni imzolandi. Avval ushbu vakolat ichki ishlar organlarida edi.

Jinsiy jinoyatlar boʻyicha tergov vakolati prokuraturaga oʻtadi

Jinoyat kodeksining 6 ta moddasidagi jinsiy jinoyatlar boʻyicha ishlarni tergov qilish vakolati ichki ishlar organlaridan prokuraturaga oʻtkaziladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tegishli farmonga mzo chekdi. Davlat rahbari 3 mart kuni ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini yanada kuchaytirish, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish yuzasidan takliflar hamda yangi tashabbuslar bilan tanishdi.

Jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan bir qator masalalar boʻyicha quyidagi takliflar bildirildi:

  • shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan 5 sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosini qatʼiylashtirish;
  • pedofillar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha boʻlgan jazoni belgilash;
  • Jinoyat kodeksining 118- va 119-moddalaridagi jinsiy jinoyatlarni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan sodir etgan mahkumlarni manzil-koloniyalarga oʻtkazmaslik;
  • shahvoniy shilqimlik boʻyicha maʼmuriy huquqbuzarlikka oid materiallarda jinoyat alomatlari mavjud emasligi boʻyicha prokuror qarorini olish shartligi;
  • ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik jinoyatlari bilan maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan advokatlar, tergovchi va sudyalar shugʻullanishi;
  • zoʻravonlikdan jabrlangan va himoya orderi berilgan xotin-qizlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ularning telefon qurilmalariga maxsus “SOS” ilovalarini oʻrnatish, bunda chaqiruv tugmasi bosilganda 5 kilometr radiusdagi ichki ishlar xodimlari 10 daqiqada manzilga yetib kelishi va boshqalar.

Shuningdek, nikohlarning 40 foizi 18-19 yoshdagilar oʻrtasida tuzilishi, biroq xalqaro tashkilotlarning eng maqbul nikoh yoshi 21 yosh ekani, bu yoshga yetgan shaxslar odatda moliyaviy mustaqillikka erishib, oila qurishga har tomonlama tayyor boʻlishi haqidagi tavsiyalari asosida quyidagi tashabbuslar bildirildi:

  • nikohni 21 yoshga yetgan shaxslar oʻrtasida tuzilishini ragʻbatlantirish maqsadida qoʻshimcha moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish;
  • davlat bojidan imtiyozlar berish yoʻli bilan nikohlanuvchilar oʻrtasida nikoh shartnomasi tuzilishini ragʻbatlantirish;
  • nikoh yoshiga oid qonunchilikni buzganlik uchun jarimaning 15 foizini bunday holat haqida xabar bergan shaxslarga berish tartibini joriy etish orqali erta nikohlarni aniqlash samaradorligini oshirish;
  • erta nikoh va 16 yoshgacha boʻlgan homiladorlik holatlari haqida ichki ishlar organlari va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlariga xabar berish boʻyicha idoralararo zanjirni yoʻlga qoʻyish, bunda qayd etilgan holatlar haqida xabar bermaslik uchun maʼmuriy javobgarlikni belgilash;
  • homilador yoki 3 yoshgacha boʻlgan farzand tarbiyasi bilan band talaba qizlar uchun taʼlimni davom ettirish imkonini berish orqali ularni taʼlimdan tushib qolishining oldini olish va boshqalar taklif etildi.
Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid