Erta nikoh qurganlar haqida xabar berganlar ragʻbatlantiriladi
Prezident imzolagan farmon bilan nikohlanuvchilar nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etiladi.

2026 yil 1 sentabrdan boshlab nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarima summasining 15 foizi bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni ragʻbatlantirishga yoʻnaltiriladi.
Shavkat Mirziyoyev "Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olish boʻyicha qoʻshimcha tashkiliy-huquqiy choralar toʻgʻrisida"gi farmonni imzoladi.
Unga koʻra, nikoh shartnomasi tuzilishini ragʻbatlantirish maqsadida:
- 2027 yildan boshlab har ikkala taraf kamida 21 yoshga toʻlganda birinchi marotaba nikoh tuzgan yosh oilalar uchun davlat tomonidan qoʻshimcha imtiyoz va boshqa shakldagi qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etiladi;
- ushbu oilalar Ijtimoiy reyestrga kiritilgan taqdirda, oilalar aʼzolariga ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish, daromadlarini oshirish yoki murakkab vaziyatdan chiqarish uchun taqdim etiladigan moliyaviy koʻmaklar (subsidiya, ssuda, grantlar) qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlardan 1,5 baravarga oshirilgan holda beriladi;
- nikoh shartnomasini tuzgan nikohlanuvchilarni nikohni qayd etish uchun belgilangan davlat bojidan ozod etish tartibi qoʻllanadi.
Voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga daʼvat etganlik (qiziqtirganlik) va uni targʻib qilganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanadi.
Shu paytgacha ekologik, yoʻl harakati kabi qoidabuzarliklar haqida xabar berganlar ham maʼlum foiz bilan ragʻbatlantiriladi.
