Ayrim hududlarda bogʻcha toʻlovlari kamaytirib beriladi
Qoraqalpogʻistonni 2026 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha qaror eʼlon qilindi.

Ayrim hududlar aholisiga bogʻcha puli kamaytirib beriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasini 2026 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kelgusi yillar uchun moʻljallangan dasturlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–70-son, 21.02.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2026 yil 1 apreldan maʼmuriy boshqaruv jihatdan Nukus shahri tarkibiga kiruvchi “Qaratau” va “Bestobe” mahalla fuqarolar yigʻinlari aholisiga davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bola taʼminoti uchun ota-onalar toʻloviga 50 foiz kamaytiruvchi koeffitsiyentlar qoʻllaniladi.
Shuningdek, maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori boʻlgan savdo komplekslari va mehmonxona (joylashtirish vositalari) xizmatlari boʻyicha mazkur hududda faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga 2027 yil 1 yanvardan 2040 yil 1 yanvarga qadar yer soligʻi va mol-mulk soligʻi stavkalari 90 foizga kamaytirilgan holda qoʻllaniladi.
2028 yil 1 yanvarga qadar:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida joylashgan tijorat banklarining balansida boʻlgan mol-mulk obʼektlari bozor narxida qayta baholanib, 10 yil davomida foizsiz boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan toʻgʻridan-toʻgʻri realizatsiya qilinadi;
- realizatsiya qilingan mol-mulk obʼektlari boʻyicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomalariga muvofiq toʻlovlar 6 oy ichida toʻliq toʻlanganda shartnoma qiymatining 25 foiziga teng miqdorda chegirmalar beriladi.
Shuningdek, qarorga koʻra Qoʻngʻirot, Chimboy, Beruniy, Boʻzatov va Qonlikoʻl tumanlarida chorva ozuqasini yetishtirish, saqlash, qadoqlash quvvatlarini ishga tushirish va aholiga yetkazib berish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
2026 yil yakuniga qadar Beruniy tumanida yillik quvvati 36 ming tonna boʻlgan chorva va baliq ozuqasini ishlab chiqarishga moʻljallangan zamonaviy Agromajmua loyihasi ishga tushiriladi.
2026 – 2028 yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 10 ming gektar yer maydonlarida chorva ozuqasi yetishtirish choralari koʻriladi.
