Ukraina Eronga hujumlar borasida bayonot berdi
Kiyev Tehrondagi hukumatni oʻz xalqi va butun mintaqani terror qilishda aybladi va Eron xalqini qoʻllashini maʼlum qildi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi AQSh va Isroilning Eronga qilgan hujumlari boʻyicha bayonot berdi. Bayonot vazirlikning rasmiy Telegram kanalida eʼlon qilindi.
"Biz Tehrondagi rejim zoʻravonlik ssenariysining oldini olish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanligini taʼkidlaymiz. Unga diplomatiya va yechim topish uchun imkoniyatlar berildi", deyiladi bayonotda.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Tehronga qilingan hujumlarni Eron rejimining shafqatsizligi bilan bogʻlaydi. Ukraina tashqi ishlar vazirligi Eron xalqini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga mintaqadagi keskinlashib borayotgan vaziyat fonida Eron xalqini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi va Tehrondagi rejimni terror va repressiyalarda aybladi.
Sibiganing soʻzlariga koʻra, Ukrainaning pozitsiyasi aniq va izchil:
- Tehrondagi rejim oʻz xalqini va butun mintaqani terror qilmoqda;
- hukumat terrorizmni va boshqa mamlakatlarga beqarorlik olib kelayotgan jangarilarni moliyalashtirmoqda;
- uzoq muddatli inson huquqlari buzilishi, repressiya va qatl etishlar mamlakat ichidagi chuqur inqirozdan dalolat beradi.
