Toshkentda yoʻl harakati holatini yaxshilashga qaratilgan "Dolzarb 90 kunlik" eʼlon qilindi
Mutaxassislar poytaxtning eng tirband boʻlgan 472 km avtomobil yoʻllarini aniqlab, ustuvor yoʻnalishlarda ish boshlaydi.

Toshkentda yoʻl harakati holatini yaxshilashga qaratilgan "Dolzarb 90 kunlik" eʼlon qilindi.
Joriy yilning 26 fevral kuni Prezident Administratsiyasi rahbarining Yoʻl harakatini tashkil etish markaziga tashrifi boʻlib oʻtdi. Tashrif yakuniga koʻra yoʻl infratuzilmasini boshqarish samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha ustuvor yoʻnalishlar va aniq vazifalar belgilab olindi.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar hokimligi poytaxtdagi yoʻl harakati holatini yaxshilashga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar majmuasini amalga oshirish uchun “Dolzarb 90 kunlik” eʼlon qilinishini bildirgan.
YHTEM mutaxassislari poytaxtning eng tirband boʻlgan 472 km avtomobil yoʻllarini aniqlab, ishlarni quyidagi ustuvor yoʻnalishlarda boshlashni tavsiya qildi:
— yoʻl harakatini tashkil etish boʻyicha loyiha yechimlarini ishlab chiqish va joriy qilish;
— jamoat transportiga ustuvorlik berish va tegishli infratuzilmani yaratish;
— koʻcha-yoʻl tarmogʻi boʻylab reklama konstruksiyalari va boshqa tashuvchilarni oʻrnatishni tartibga solish hamda nazorat qilish;
— avtomobil yoʻllari boʻyida joylashgan mavjud savdo shoxobchalarini optimallashtirish va ular boʻyicha tartibli yechimlar ishlab chiqish;
— svetofor obʼektlari va yoʻl belgilarini oʻrnatish, modernizatsiya qilish va yangilash;
— yoʻl harakatini tashkil etishning tasdiqlangan sxemalari asosida yoʻl chiziqlarini takomillashtirish;
— bekat majmualarini yangilash va almashtirish;
— koʻcha-yoʻl tarmogʻida chuqurcha va karta usulida taʼmirlash ishlarini olib borish;
— avtoturargoh maydonini rivojlantirish va tartibga solish.
Ishlarning bajarilishi va erishilgan natijalar toʻgʻrisida rasmiy aloqa kanallari orqali har kuni maʼlumot berib boriladi.
