platina.uz
Siyosat

"Aybdorga jazo muqarrarligi taʼminlanadi": Bosh prokuratura vafot etgan YPX inspektori ishi boʻyicha bayonot berdi

10-sinf oʻquvchisi boʻlgan qoidabuzar avval ham avtomashina ovozini noqonuniy ravishda kuchaytirib, migalka va sirenalar oʻrnatgan holda bir necha marotaba jamoat xavfsizligiga qarshi huquqbuzarliklar sodir etib kelgan. 

"Aybdorga jazo muqarrarligi taʼminlanadi": Bosh prokuratura vafot etgan YPX inspektori ishi boʻyicha bayonot berdi

Bosh prokuratura Toshkentda 10-sinf oʻquvchisi urib ketgan inspektor ishi boʻyicha bayonot berdi.

Aytilishicha, 25 fevral kuni Toshkent shahar Mirobod tumanida voyaga yetmagan shaxs tomonidan avtomashina bilan yoʻl-patrul xizmati inspektori urib yuborilganligi holati yuzasidan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Dastlabki tergov davomida toʻplangan hujjatlarga koʻra, 2010 yilda tugʻilgan voyaga yetmagan shaxs maktabning 10-sinf oʻquvchisi boʻla turib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, oʻz tengdoshlari orasida “Instagram” va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda oʻzini koʻrsatish, turli xil chet elda ishlab chiqarilgan avtomashinalarni maqtanib namoyish qilish maqsadida avtomashina ovozini noqonuniy ravishda kuchaytirib, migalka va sirenalar oʻrnatgan holda bir necha marotaba jamoat xavfsizligiga qarshi huquqbuzarliklar sodir etib kelgan.

Muqaddam ham avtomashinani boshqarib, yoʻl-patrul xizmati xodimlarining toʻxtash haqidagi qonuniy talabiga boʻysunmaganligi uchun joriy yilning 9 yanvar kuni uning otasi sud qaroriga asosan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Shunga qaramasdan, tegishli xulosa chiqarilmay, noqonuniy harakatlar davom ettirilgan.

Xususan, joriy yil 25 fevral kuni soat 21:30 larda tanishining opasiga tegishli boʻlgan “BMW” rusumli avtomashina yuvish shoxobchasida qoldirilganligidan xabar topib, turargohda kaliti bilan qoldirilgan avtomashinani haydab ketib, olib qochgan.

Avtomashinani boshqarish davomida jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, Mirobod tumani Nukus koʻchasida harakatlanayotgan vaqtda piyodalar va boshqa harakat ishtirokchilari xavfsizligini taʼminlash maqsadida transport oqimini toʻxtatish haqida jezl bilan ishora bergan Yoʻl-patrul xizmati inspektori Xosilbek Eshnazarovning qonuniy talabiga boʻysunmagan.

Barcha transport vositalari toʻxtagan boʻlishiga qaramasdan, haydovchilik guvohnomasi va avtomashina hujjatlariga ega boʻlmagan voyaga yetmagan huquqbuzar javobgarlikdan qochish maqsadida oldi va yon tomonidagi avtomashinalarni keskin aylanib oʻtib, avariyaviy holat yuzaga keltirgan hamda xizmat vazifasini bajarayotgan Yoʻl-patrul xizmati xodimini avtomashinasi bilan urib, unga hayot uchun xavfli ogʻir tan jarohati yetkazgan holda harakatini davom ettirgan.

Shifokorlar tomonidan koʻrsatilgan barcha zarur tibbiy yordamga qaramasdan, 27 fevral kuni xodim vafot etdi.

Dastlabki tergov harakatlari davomida toʻplangan hujjatlarga koʻra, avtomashinani boshqargan voyaga yetmagan shaxsning harakatlarida transport vositasini olib qochish hamda jabrlanuvchining oʻlimiga sabab boʻlgan qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish alomatlari mavjudligi aniqlangan.

Shu munosabat bilan u Jinoyat kodeksining267-moddasi 1-qismi va 104-moddasi 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida jalb etildi.

Hozirda gumon qilinuvchi voyaga yetmagan shaxs Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan alohida nazoratga olingan.

Tergov harakatlari har tomonlama, toʻliq va xolisona oʻtkazilib, aybdor shaxsga nisbatan jazo muqarrarligi qatʼiy taʼminlanadi.

Mazkur holat yuzasidan oʻtkazilayotgan tergov Oʻzbekistonda qonun oldida hamma teng ekanini, uni buzgan shaxslar tegishli jazosini olishini koʻrsatadi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid