Saida Mirziyoyeva poytaxt uchun juda muhim loyiha boshlanishini maʼlum qildi
Prezidentning transport tizimini modernizatsiya qilishga oid qarori hayotga tatbiq etiladi.

"Aqlli" svetoforlarni oʻrnatish, yoʻllarga standartlarga mos chiziqlar tortish hamda avtoturargohlarni toʻgʻri tashkil qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar boshlanadi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva maʼlumot berdi.
Aytilishicha, Prezidentning transport tizimini modernizatsiya qilishga oid qarorini hayotga tatbiq etish ishlari boshlandi.

Buning uchun maxsus tuzilgan Yoʻl harakatini tashkil etish markazi bugun Toshkent shahridagi tirbandliklar va ekologiya masalalarini hal qilish, shuningdek, umuman, jamoat transporti nazorati boʻyicha taqdimot oʻtkazdi.
Berilgan hisobotlarga koʻra, bugun-erta "aqlli" svetoforlarni oʻrnatish, yoʻllarga standartlarga mos chiziqlar tortish hamda avtoturargohlarni toʻgʻri tashkil qilish boʻyicha keng koʻlamli ishlar boshlanadi.
"Umid qilamanki, shahar hokimi boshchiligidagi jamoa qarorning ijrosini toʻlaqonli taʼminlashga bor kuch va imkoniyatini qaratadi. Men buning bajarilishini shaxsan nazorat qilib boraman.
Poytaxt uchun oʻta muhim, juda zarur boʻlgan ushbu loyihani amalga oshirishda jamoaga muvaffaqiyat tilayman", deya yozgan Saida Mirziyoyeva.
