Jizzaxda salkam 1 mlrd soʻmga yer sotmoqchi boʻlgan shaxs ushlandi
U dehqon xoʻjaligi uchun ajratilgan yarim gektar yer maydonini oʻzganing nomiga rasmiylashtirib, keyinchalik kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga pora talab qilgan.

Jizzax viloyatida noqonuniy yer sotish holatiga chek qoʻyildi.
Baxmal tumanida yashovchi “B.D” tuman hududidagi dehqon xoʻjaligi uchun ajratilgan 0,50 ga yer maydonini oʻzganing nomiga rasmiylashtirib, keyinchalik kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga 950 mln soʻm miqdorida pul mablagʻini talab qilib kelgan.
DXX, IJQK departamenti hamda IIB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻining 35 ming AQSh dollari va 180 mln soʻm qismini olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlandi, deya xabar beradi Jizzax viloyati IIB.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Jizzaxda maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi pora bilan qoʻlga olingandi. U davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan birida tekshiruv oʻtkazmaslik evaziga uning rahbaridan 4,8 mln soʻm talab qilgan.
