platina.uz
Jamiyat

Surxondaryoda markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 67,5 foizga yetdi

Mazkur koʻrsatkich sakkiz-toʻqqiz yil oldin 47 foiz edi. Prezident viloyatni suv bilan taʼminlashga qaratilgan 287 mln dollarlik megaloyiha bilan tanishdi. 

Surxondaryoda markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 67,5 foizga yetdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahrida “Toʻpalang” suv ombori suvidan foydalanish hisobiga Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash loyihasining amaliy natijalari bilan tanishdi.

Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan ushbu 287 million dollarlik megaloyiha ham sohada erishilayotgan natijalardan biri sanaladi.

Mazkur tashabbus doirasida oʻtgan yillar davomida katta hajmdagi qurilish, montaj ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy mexanizmlarning yoʻlga qoʻyilishi natijasida bugun minerallarga boy ichimlik suvi viloyatning oʻnta tumani va Termiz shahriga uzluksiz yetkazib berilyapti.

Surxondaryoda markazlashgan ichimlik suvi bilan qamrov sakkiz-toʻqqiz yil oldin 47 foiz edi. Bugun ushbu raqam 67,5 foizgacha oshishiga erishildi. Natijada aholining suv taʼminotidagi holati nafaqat miqdor, balki sifat jihatdan ham sezilarli yaxshilandi.

Prezident bu kabi yirik energetik, texnologik va ijtimoiy samarador loyihalarni qoʻllab-quvvatlash har jihatdan zarurligini taʼkidladi. Bunday tajribalarni kelgusida mamlakatning boshqa hududlarida ham qoʻllash mumkinligiga eʼtibor qaratdi.

Texnik jihatdan loyihaning katta yutugʻi 246 kilometr magistral va ichki tarmoqning barpo etilishi boʻldi. Muhimi, gidravlik hisoblar asosida bosimni nasossiz uzatish imkoniyati yaratildi. Bu nafaqat energiya sarfini keskin kamaytirdi, balki tizimning barqarorligini taʼminlaydi. Aynan shu innovatsion yondashuv tufayli Termiz shahri, Angor, Bandixon, Qiziriq, Sherobod va Muzrabot kabi tuman markazlariga suv elektr energiya sarfisiz yetkazib berilyapti.

Mazkur tashabbus ortidan bugungi kunda 223 ta mahallada obihayot taʼminoti mustahkamlandi. Suvning qattiqlik darajasi esa ikki baravargacha kamaytirildi. Sifatning ortishi aholi salomatligi va maishiy jihozlar xizmat muddati uzayishida muhim omil hisoblanadi.

“Shimoliy” suv ishlab chiqarish inshootida tashkil etilgan Geoaxborot markazi esa tizimning real vaqtda nazorat qilinishiga sharoit yaratdi. Bosim pastlashi, avariya holatlari, suv yoʻqotish kabi masalalarni bir necha daqiqada aniqlash imkoniyati tugʻildi.

Suv taʼminoti yaxshilangani sababli hududlardagi yuzdan ortiq yer osti suv quduqlaridan foydalanishga ehtiyoj qolmadi. Bu ekologik yukni kamaytiradi.

Shuningdek, loyiha natijasida yiliga 18,4 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejab qolinadi. Bu mablagʻ va resurs jihatidan 18,5 milliard soʻm iqtisod qilinishini anglatadi. Isteʼmolchilarning billing tizimiga ulanishi esa suvni hisoblashda shaffoflikni oshirdi, qarzdorlikni kamaytirdi.

Yana bir muhim jihati, bu yerdagi 10 gektar maydonda 6418 kilovatt-soat quvvatdagi quyosh panellari oʻrnatildi.

Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatning gidroenergiya koʻrsatkichlari hamda sohada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Viloyatda hali yechilmagan suv taʼminoti masalalarini tezkor hal etish boʻyicha vazifalarni belgilab berdi. Xususan, eski nasos agregatlarini energiya tejamkor texnologiyalarga almashtirish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid