Shavkat Mirziyoyev Surxondaryodagi harbiy qismga bordi
Davlat rahbari harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, harbiy texnika va qurol-aslahalarni, shu jumladan, zamonaviy havo hujumidan mudofaa komplekslarini koʻzdan kechirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida harbiy qismda ham boʻldi.
Mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar qoʻshinlarning jangovar salohiyati va harbiy-maʼmuriy sektorlar faoliyatini yanada yuksaltirishda muhim omilga aylanmoqda.

Mazkur qismda ham harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini oshirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Oʻquv binolari, oshxona, yotoqxona, maʼnaviyat va maʼrifat xonalari, sport shaharchasi eng zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan.
Hozirgi kunda turli mintaqaviy mojarolarda sunʼiy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi vositalar keng qoʻllanmoqda. Shundan kelib chiqib, Oliy Bosh Qoʻmondon tomonidan qoʻshinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sunʼiy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qoʻllash va havo hujumidan mudofaa boʻyicha yangi boʻlinmalarni tashkil etish vazifasi qoʻyilgan edi.
Bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, milliy armiyamiz zamonaviy qurol-aslahalar bilan taʼminlanmoqda.

Davlatimiz rahbari harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, harbiy texnika va qurol-aslahalarni, shu jumladan, zamonaviy havo hujumidan mudofaa komplekslarini koʻzdan kechirdi.
Milliy armiyamizni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda zamonaviy qurolli mojarolar, xavfsizligimizga mavjud tahdidlar va harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini hisobga olish zarurligi taʼkidlandi.

Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shaxsiy tarkibning shayligini yuksaltirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosini izchil davom ettirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
