Nega Ramazonda xurmo bilan ogʻiz ochishadi?
Xurmo roʻzadan soʻng organizmni yengil va tabiiy tarzda quvvatlantiradi, suv muvozanatini saqlashga yordam beradi, hazm jarayonini ragʻbatlantiradi va ortiqcha ovqatlanishning oldini oladi.

Millionlab musulmonlar butun dunyo boʻylab Ramazon oyida quyosh botganda bir xil amalni bajaradilar – kunduzgi roʻzadan soʻng ogʻiz ochib, iftorlik qilishadi. Koʻpchilik xurmo bilan ogʻiz ochadi. Ushbu muqaddas roʻza, ibodat va tafakkur oyi davomida sogʻlom musulmonlar islomning besh ruknidan birini ado etib, tong otishidan to quyosh botguniga qadar yeb-ichishdan tiyiladilar.
Biroq nega aynan xurmo bilan ogʻiz ochiladi? Bu majburiymi yoki anʼanami?
Salomatlik uchun muhim meva
Xurmo musulmonlar hayotida, ayniqsa, Ramazon oyida alohida oʻrin tutadi. Nega musulmonlar xurmoni shunchalik yaxshi koʻradilar va koʻpincha shu meva bilan ogʻiz ochadilar, u qanday foydali xususiyatlarga ega?
Qizigʻi shundaki, xurmo nomi Qurʼoni Karimda 25 martadan ortiq zikr qilingan. Bu Alloh taolo ushbu mevaga ulkan foyda va baraka ato etganiga ishoradir. Arab olamida xurmoni “sahro kelini”, “sahro noni” va “hayot mevasi” deb atashadi.
Qadim zamonlarda xurmo koʻpchilik uchun yagona ozuqa boʻlgan, odamlar uning sharofati bilan tirik qolganlar, jangchilar uni safarlarga olib chiqqanlar, onalar bolalarini shu bilan boqqanlar. Paygʻambarimiz Muhammad s.a.v.ning zavjalari Oisha (r.a.) rivoyat qilganlarki, ular ochlikdan faqat xurmo va suv tufayli qutulganlar. Ushbu danakli meva sogʻliq uchun ham juda foydali boʻlib, barcha roʻzadorlar uchun ideal ozuqa hisoblanadi.
Olimlarning aytishicha, sunnatga muvofiq ogʻiz ochish ham ana shu ajoyib mahsulot yoki suv bilan amalga oshiriladi. Buning inson uchun foydasi bor, chunki uzoq vaqt yeb-ichishdan tiyilgandan keyin issiq va ogʻir taom hazm tizimi uchun ogʻirlik qiladi. Xurmo esa ochlikni bosadi, energiya zaxirasini toʻldiradi va organizmni ortiqcha zoʻriqtirmaydi.
Abu Dovuddan rivoyat qilishlaricha, Allohning rasuli s.a.v. aytganlar:
“Sizlardan biringiz ogʻiz ochmoqchi boʻlsa, xurmo bilan ogʻiz ochsin. Agar xurmo topa olmasa, suv bilan ogʻiz ochsin, zero u poklovchidir”.
Yana bir hadisda:
“Sizlardan biringiz roʻzasini ochsa, uni xurmo bilan ochsin, chunki u barakadir. Agar xurmo topa olmasa, suv bilan ochsin, chunki u poklovchidir”, deb marhamat qilingan. (Termiziy rivoyati).
Koʻplab musulmon mamlakatlarida iftor paytida koʻchalarda xurmo tarqatish odat tusiga kirgan. Roʻzadorga hatto bitta xurmo bilan iftor qildirish uchun ham katta savob vaʼda qilingan.
Noyob ozuqaviy xususiyatlar
Xurmoning ozuqaviy tarkibi uni uzoq davom etgan roʻzadan keyin isteʼmol qilish uchun juda mos qiladi.
Olimlarning aytishicha, ogʻiz ochganingizda tanangiz energiya manbai sifatida zarur boʻlgan glyukozani ishlab chiqarishga harakat qiladi. Xurmoda qand miqdorining yuqori boʻlishi qondagi shakar miqdorini boshqa – hazm boʻlishi uzoqroq vaqt talab qiladigan mahsulotlarga nisbatan tezroq oshirishga yordam beradi. Xurmoning noyob mevaligi shundaki, uning tarkibida oddiy qandlar bilan birga murakkab uglevodlar ham mavjud.
Bu shuni anglatadiki, mevalar energiyani sekin-asta ajratadi, bu esa uzoq vaqt davomida ovqatlana olmagan holatda juda mos keladi. Ular B6, A va K vitaminlariga, shuningdek, temir moddasiga boy boʻlib, qisqa vaqt ichida organizmga zarur barcha oziq moddalarni olishga yordam beradi. Ammo eng muhimi, qandli diabetga chalingan insonlar uchun xurmo yeyish tavsiya etilmaydi.
Suv muvozanatini saqlash
Xurmo quritilgan meva boʻlishiga qaramasdan, organizmda suv muvozanatini saqlashga ham yordam beradi. Uning tarkibida kaliy elektroliti mavjud boʻlib, u suvni “magnit” kabi oʻziga tortadi va suyuqlikni hujayralarga jalb qiladi. Koʻpchilik roʻzani xurmo va suv bilan ochadi, bu ham energiya olish, ham suv muvozanatini saqlash uchun juda maqbul ish. Shuning uchun aksariyat hollarda qoʻshimcha elektrolitlar qabul qilishga hojat qolmaydi.
Ortiqcha ovqatlanish
Ayrimlar Ramazon oyida vazn yoʻqotadilar, ammo kechki ovqat paytida ortiqcha yeyish vazn ortishiga ham olib kelishi mumkin. Anʼanaga koʻra, musulmonlar toq miqdorda xurmo yeydilar, soʻng quyosh botishi bilan namoz oʻqiydilar va shundan keyin iftor dasturxoniga qaytadilar. Organizm tolali xurmoni hazm qila boshlaganda, yana koʻproq yeyish istagi kamayishi mumkin. Bu organizmingizga kerakli ozuqa allaqachon olinganini anglash va hazm jarayoni boshlanganini his qilish imkonini beradi.
Hazm qilish jarayoni
Qabziyat va qorin dam boʻlishi – roʻza tutayotgan musulmonlar orasida keng tarqalgan muammolardir. Buning sababi shundaki, kun davomida ovqat va suyuqlik qabul qilish odatda ichak peristaltikasini ragʻbatlantiradi, uzoq roʻza paytida bu jarayon susayadi. Xurmo esa ichaklar orqali najasning oson oʻtishiga yordam beruvchi tolalarning ajoyib manbai hisoblanadi.
Maʼlumot uchun, Buyuk Britaniya milliy sogʻliqni saqlash xizmati bir kunda 30 gramm tola isteʼmol qilishni tavsiya etadi. Baʼzan Ramazon paytida oddiy uglevodlarga moyillik sezishimiz mumkin, ammo ovqatni oldindan rejalashtirib tayyorlasak, taomlarimizda yetarli miqdorda tola boʻlishini taʼminlashimiz mumkin. Tola miqdorini oshirishning yana bir oddiy usuli – taomlarga yongʻoq va danak-urugʻlar qoʻshib isteʼmol qilishdir.
Xurmoni yoqtirmaydiganlar nima qilsin?
Vaqti-vaqti bilan och qolish nafaqat diniy sabablarga koʻra, balki sogʻliq uchun ham ommalashgan. Agar siz xurmoni yoqtirmasangiz, sinab koʻrish mumkin boʻlgan yuzlab boshqa turlari bor. Ularning har biri turlicha tuzilishga ega – ayrimlari choʻziluvchan, ayrimlari juda yumshoq, baʼzilarining poʻsti qalin, boshqalariniki esa yupqaroq. Agar bu ham yordam bermasa, ularni meva-sabzavot sharbatli smuziga aralashtiring.
Yoki xurmo va sutni aralashtiring, biroz yogurt va yongʻoq qoʻshish mumkin, yaxshilab blenderdan oʻtkazib iching. Ular haqiqatan ham salomatlik bilan bogʻliq koʻp muammolarni hal qilishga yordam beradigan juda foydali mahsulotlardir.
Faqat ochlik va tana tarbiyasi emas, ruh tarbiyasi ham muhim
Demak, Ramazonda xurmo bilan ogʻiz ochish – shunchaki odat yoki talab emas, balki chuqur maʼno va ilmiy hikmatga ega anʼana boʻlib qolgan. U anʼana, sogʻliq uchun foydali ozuqa va maʼnaviy barakaning uygʻunlashgan namunasidir. Xurmo roʻzadan soʻng organizmni yengil va tabiiy tarzda quvvatlantiradi, suv muvozanatini saqlashga yordam beradi, hazm jarayonini ragʻbatlantiradi va ortiqcha ovqatlanishning oldini oladi.
Albatta, ogʻizni faqat xurmo bilan ochish majburiy emas. Ammo uning maʼnaviy ahamiyati va tibbiy foydalari xurmoni Ramazon dasturxonining ajralmas qismiga aylantirgan. Eng muhimi, iftor paytida meʼyorni saqlash, sogʻliqni asrash va bu muborak oyning ruhiy-maʼnaviy mazmunini anglab yashashdir.
Abulfayz Sayidasqarov
