Narendra Modi ijtimoiy tarmoqda 100 mlndan oshiq obunachi yiqqan ilk siyosatchiga aylandi
Solishtirish uchun Donald Trampni Instagramda 43 milliondan oshiq kishi kuzatadi.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Instagramda obunachilari 100 milliondan oshgan birinchi dunyo yetakchisi boʻldi.
Times of India nashrining yozishicha, Modi ijtimoiy tarmoqda oʻz sahifasini 2014 yilda yaratgan. Hozirda uning boshqa global siyosatchilarga qaraganda ikki baravar koʻp obunachisi bor: AQSh prezidenti Donald Tramp 43,2 million, Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto 15 million, Braziliya prezidenti Lula da Silva 14,4 million va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon 11,6 million obunachilarga ega.
Ichki miqyosda ham Narendra Modi obunachilari boshqa siyosatchilar orasida yetakchilik qiladi: Uttar-Pradesh bosh vaziri Yogi Adityanath 16,1 million, muxolifat yetakchisi Rahul Gandi esa taxminan 12,6 million obunachiga ega.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, Hindiston aholisining 70 foizdan oshigʻi Modi siyosatini qoʻllaydi.
