Jizzaxda maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi pora bilan qoʻlga olindi
U davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan birida tekshiruv oʻtkazmaslik evaziga uning rahbaridan 4,8 mln soʻm talab qilgan.

Taʼlim sohasi mansabdori pora bilan ushlandi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Jizzax viloyati taʼlim tizimi masʼullaridan birining noqonuniy harakati fosh etildi.
Xususan, Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi oʻz mansab vakolatini suiisteʼmol qilib, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan birida tekshiruv oʻtkazmaslik evaziga, uning rahbaridan 4,8 mln soʻm miqdorida pora talab qilgan.
Ammo, ushbu mansabdor shaxs soʻralgan pul mablagʻini tamagirlik yoʻli bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, tergov jarayonida uni Jinoyat Kodeksining 167, 209 va 243-moddalarida nazarda tutilgan boshqa noqonuniy harakatlari ham fosh qilindi.
Avval nufuzli bankning mansabdor xodimi 30 ming dollar bilan qoʻlga olingandi.
U salkam 73 mlrd soʻmlik soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali bartaraf qilib berish evaziga pora talab qilgan.
