Yuk vagonlari ishlab chiqarishga qoʻshimcha 100 mln dollar ajratiladi
Natijada 1350 dona yuk vagoni yetkazib beriladi. Buning uchun shu yilning oʻzida sanoat korxonalari quvvatlarini 1,5 barobarga oshirish vazifasi qoʻyildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi korxonalarda yuk vagonlarini qurish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi yillar uchun rejalar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini kengaytirish va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz logistika xizmatlari bilan taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Temir yoʻl transportida keng koʻlamli yangilanish jarayonlari amalga oshirilmoqda. Ular sohani tubdan modernizatsiya qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish hamda vagon parkini bosqichma-bosqich yangilashga xizmat qilmoqda.
Xususan, 2023-2025 yillarda qiymati 105 million dollar boʻlgan loyiha doirasida 1590 dona yarim ochiq yuk vagoni ishlab chiqarildi. Bu esa ichki va xalqaro tashuvlarda yuk aylanmasini oshirish, logistika zanjirlarining barqarorligini taʼminlash imkonini bermoqda.
Shuningdek, 2025-2026 yillarga moʻljallangan 150 million dollarlik yangi bosqichda yuk va yoʻlovchi vagonlarini qurish, shu bilan birga, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tarkibidagi vagon ishlab chiqarish korxonalarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Loyiha doirasida 954 dona yuk va 70 dona yoʻlovchi vagonining qurilishi boshlangan.
Bugungi kunga qadar ushbu loyiha doirasida 45 dona yoʻlovchi vagoni va 340 dona sisterna ishlab chiqarildi. Joriy yil yakuniga qadar qoʻshimcha ravishda 614 dona yuk va 25 dona yoʻlovchi vagonlari ishlab chiqariladi.
Kelgusi yillarda yuk vagonlarini ishlab chiqarish hajmlarini keskin oshirish uchun yaqinda Prezidentimiz alohida qarorni imzolagan edi. Hujjatga muvofiq, qoʻshimcha 100 million dollar mablagʻ ajratilib, 1350 dona yuk vagoni yetkazib beriladi. Buning uchun shu yilning oʻzida sanoat korxonalari quvvatlarini 1,5 barobarga oshirish va 2 mingta yuk vagonlarini ishlab chiqarish vazifasi qoʻyildi.
Davlat rahbari vagon parkini yangilash, tashish hajmlarni oshirish hamda xarajatlarni maqbullashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
