platina.uz
Maqola

Tojikistonda “taxt” tranzitiga tayyorgarlik boshlandimi?

Televideniyeda asosan klassik musiqa, opera yoki tojik milliy klassik musiqasi namoyish etilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar kazarma holatiga oʻtkazilgan, 10 kunlik sukunat fonida tojik prezidentining oʻgʻli – Rustam Imomali faollashib qoldi.

Tojikistonda “taxt” tranzitiga tayyorgarlik boshlandimi?
Fotokollaj: Platina.uz

Fevral oyida Markaziy Osiyo axborot makonida bir xavotirli xabar ancha muhokama qilindi. Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning ikki hafta ommaviy makonda koʻrinmay qolgani, uning yoki oʻlgani, yoki ogʻir xastaligi haqidagi taxminlarni urchitdi.

Keksa diktatorlar asrida bir yoki boshqa yetakchining vaqt-vaqti bilan ommaviy maydondan yoʻqolib turishi odatiy holga aylangan. Yoshi ulugʻ rahbarlar charchaydi, ularga dam olish va davolanish kerak boʻladi. Bunday “taʼtillar” odatda qattiq maxfiylik sharoitida kechadi.

Ayrim OAVlar maʼlumotiga koʻra, Tojikiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari kazarma rejimiga oʻtkazilgan. Yuqori lavozimli amaldorlarga mamlakatdan chiqib ketish taqiqlangan. Shu bilan birga, Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi rahbari goʻyoki kuch tuzilmalarida ehtimoliy “tozalashlar”dan qoʻrqqani uchun mamlakatni tark etishga ulgurgani, aytilmoqda. FlightRadar maʼlumotlariga koʻra, prezident samolyoti – birinchi bort ikki hafta harakatsiz turgan.

Mish-mishlarga koʻra, prezident ommaviy tadbirlarda qatnashmagan va yaqindan olingan rasmiy fotosuratlari yoʻq. Bir nechta ommaviy axborot vositalari va Telegram kanallariga koʻra, davlat rahbari goʻyoki Yevropa Ittifoqi davlatlaridan birida davolanish uchun mamlakatni tark etgan. Nashrlarda mikroinsult yoki mikroinfarkt nazariyalari tilga olingan. Biroq bu maʼlumotning rasmiy tasdigʻi yoʻq.

Imomali Rahmon telekanallar orqali tinimsiz oʻzini koʻz-koʻz qilishni yaxshi koʻrishi inobatga olinsa, 10 kundan ziyod televizorda koʻrinmaslik Tojikiston prezidenti uchun rostan ham gʻayrioddiy hodisa.

Taʼkidlash lozim, Imomali Rahmon ommaviylikni juda yaxshi koʻradigan inson. Guvohlarning aytishicha, bir vaqtlar uning ish kabinetida mamlakatda nechta umummilliy telekanal boʻlsa, shuncha televizor oʻrnatilgan edi. Praym-taym paytida ularning har birida bir vaqtning oʻzida Rahmon koʻrsatiladi va u buni zavq bilan tomosha qiladi. Rahmon doimo daraxt ekish, yoʻl ochish, qurilish obʼektlarini koʻzdan kechirish kabi tadbirlarda qatnashib kelgan.

Boshqa rahbarlar davolanish uchun ketganida ham “konserva”lar – yaʼni oldindan yozib qoʻyilgan chiqishlar qoldirib ketadi. Oʻzi shifoxona palatasida boʻlgan paytda tomoshabinlarga u goʻyoki yigʻilish oʻtkazayotgani, kimnidir taqdirlayotgani yoki tanbeh berayotgani namoyish etiladi. Rahmon bilan bogʻliq vaziyatda esa bunday “konserva”lar ham koʻrsatilmadi.

Eng koʻp taxtda qolayotgan rekodrchi prezident

Imomali – Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng koʻp – 30 yilu 3 oydan beri lavozimda qolayotgan yetakchi hisoblanadi.

Imomali Rahmon 1952 yil 5 oktabrda tugʻilgan. U 1994 yil 16 noyabrdan buyon Tojikiston Prezidenti lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Fuqarolik urushi (1992-1997) boshlanganidan soʻng, 1992 yil 27 noyabrda Tojikistonda prezident lavozimi bekor qilingan edi. Shu davrda Rahmon kommunistlar va neokommunistlar, bir tomondan hamda islomiy, millatchi va liberal tojik kuchlari, ikkinchi tomondan, oʻrtasida murosa shaklidagi siyosiy shaxs sifatida Tojikiston oliy kengashi raisi etib saylandi. U mazkur lavozimda 1994 yil 16 noyabrgacha faoliyat yuritdi. Shu kuni prezident lavozimi qayta tiklandi.

Turli maʼlumotlarga koʻra, Imomalining Tojikiston tepasiga kelib qolishiga Oʻzbekistonning 1-prezidenti Islom Karimov harbiy va moliyaviy yordam bergan. Karimov “Prezident kim boʻlsa boʻlsin, kolxozchi boʻlsa ham mayli, faqat islomiy qarashdagi rahbar boʻlmasin” degan fikrga tayangan shekilli, Dangʻara (Koʻlob) klani vakili, 1987 yildan beri Dangʻara tumanidagi Lenin nomli sovxoz direktori boʻlgan dehqonzoda Imomalining hukumat tepasiga chiqishiga yordamlashgan.

Karimovning yordamini avvalboshda Imomali ham tan olgan va Karimovni “otam” deb atagan, fuqarolik urushi davrida Oʻzbekiston tomoni gumanitar yuklar kiritib, tojiklarni oʻlimdan saqlab qolganini aytgan.

Ayrim muxolif qarashlarga koʻra, keyinchalik Imomali bu yordamni unutdi va Karimovga yoqmaydigan harakatlarini koʻpaytirdi. Tojikistonda oʻzbek tili va madaniyatiga “oʻgay koʻz bilan” qarash, oʻzbekcha joy nomlarini tojiklashtirish kabi koʻplab bahsli qadamlar qoʻyildi. Buxoro va Samarqandga nisbatan hududiy daʼvolar yangradi.

90-yillarda Tojikiston aholisining 40 foizga yaqini oʻzbeklardan iborat boʻlgan. Ammo Imomali shafeʼligida oʻzbeklarning har bir urugʻi, masalan, laqaylar alohida millat sifatida roʻyxatga olindi va natijada statistikada oʻzbeklar nufusi sunʼiy ravishda 12 foizgacha pasaytirildi.

Maʼlumot uchun, Tojikiston oʻzbeklari – Oʻzbekistondan tashqarida yashovchi etnik oʻzbeklar orasida mutlaq soni jihatidan ikkinchi, nisbiy ulushi jihatidan esa birinchi oʻrinda turadigan guruhdir. Mutlaq soni boʻyicha ulardan faqat Afgʻonistondagi oʻzbeklar (3,5-4 million kishi) ustun boʻlib, ular ushbu mamlakat aholisining taxminan 11 foizini tashkil etadi.

Lekin Tojikistonda oʻzbeklarning aniq soni haqidagi maʼlumotlar bir xil emas. Bu, jumladan, ayrim qabila guruhlarini tojiklar yoki oʻzbeklar tarkibiga kiritish masalasiga ham bogʻliq. Xususan, 2010 yilgi aholi roʻyxatida ayrim turkiy xalqlar (laqaylar, qoʻngʻirotlar, durmanlar, qatagʻonlar, barloslar, yuzlar, minglar, kesamirlar, semizlar) alohida koʻrsatilgan boʻlsa, 1989 yilgi va undan oldingi roʻyxatlarda ular oʻzbeklar tarkibiga kiritilgan.

Ayrim manbalarda hozirda Tojikistondagi oʻzbeklar sonining norasmiy bahosi aholining 30 foizigacha yetishi mumkinligi taʼkidlanadi.

Ayrim holatlarda etnik oʻzbeklarning milliy mansubligini pasportlarda “tojik” deb koʻrsatish orqali assimilyatsiya qilishga urinishlar kuzatiladi. Ayniqsa, bu holat Soʻgʻd va Xatlon viloyatlari kabi hududlarda koʻproq uchraydi. Chunki sovet davrida “millat” punkti katta ahamiyatga ega emas edi, hozir esa bu masala davlat darajasida oʻzbek milliy oʻzligini belgilashdagi noaniqlik keltirib chiqaradi.

Qolaversa, ochiq yoki zimdan bosim tufayli avval oʻzbek tilida soʻzlashgan yoki oʻzbek boʻlganlar ham (ayniqsa poytaxt Dushanbe shahrida) oʻzini endi tojik sifatida identifikatsiya qilishi hisob-kitobni mushkullashtiradi.

Maʼlumki, 1924 yil 14 oktabrdan – 1929 yil 16 oktabrgacha Tojikiston Oʻzbekiston SSR tarkibida avtonomiya sifatida mavjud boʻlgan. Shu kuni Tojik ASSR Tojik SSRga aylantirilib, bevosita SSSR tarkibiga kiritildi va Oʻzbekiston tarkibidagi avtonom hudud maqomini yoʻqotdi. Tojik ASSRning ajralib chiqishiga Oʻzbekiston zaminida tugʻilib oʻsgan tojik ziyolilari, masalan, Sadriddin Ayniy ham bosh-qosh boʻlishgan.

Tojikistonga berilgan yerlar asosan togʻli hudud boʻlgani uchun 1929 yilgacha boʻlgan chegaralarda ham Oʻzbekiston SSRga tegishli boʻlgan, asosan oʻzbeklar yashovchi Leninobod (Xoʻjand, keyin Soʻgʻd deb oʻzgartirilgan) viloyati Tojik SSRga qoʻshib berilgan. Hozirda bu yerdagi oʻzbeklarni ijtimoiy tarmoqlarda “shimoliy tojiklar” deya koʻrsatish harakatlari va targʻibotlar kuzatilmoqda. Demak, qandaydir kuchlar bu palid kampaniyaga start bergan va qoʻllab-quvvatlamoqda.

Hatto ayrim maʼlumotlarga koʻra, 2000 yillar boshida Imomali Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida tuzilgan doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi shartnomani kameralar huzurida yirtib tashlagan. Shundan keyin toki 2016 yilgacha – Karimov vafot etguniga qadar ikki prezident oʻrtasida, demakki, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasidagi munosabatlarda ham sovuqlik saqlanib qoldi. Rogʻun GESi va suv muammolari esa munosabatlarni yanada taranglashtirdi.

2009 yil Rossiya OAVlarida chop etilgan maʼlumotlarga koʻra, Imomali Rahmon avval Karimovni hurmat qilgan, ammo keyinchalik fikri oʻzgargan.

“Ammo keyin koʻp narsani bilib qoldik. Bu odam butunlay tojiklarga qarshi kurashadi… Mamlakatimiz rivojlanishini istamaydi, yoʻllarni yopadi, sovuq qishda elektr energiyasini uzadi”, – deya shikoyat qilgan Imomali Rahmon 2009 yil 8 dekabrda jurnalistlar bilan oʻtkazgan uchrashuvida.

Oʻzbekiston bilan hududiy bahslar haqida gapirar ekan, Imomali Rahmon shunday deydi: “Men I.Karimov bilan koʻp marta munozara qilganman, hatto ikki marta urishib ham ketdik. Bir martasida Nazarboyev, ikkinchi martasida – Kuchma ajratib oldi. Va men unga “Samarqand va Buxoroni baribir olib qoʻyamiz!” – deb aytdim”.

Imomali besh marta prezidentlik saylovlarida gʻolib boʻlgan (1994, 1999, 2006, 2013 va 2020 yillarda), shuningdek 1999 va 2003 yilgi umumxalq konstitutsiyaviy referendumlari natijasida oʻz vakolatlarini kengaytirgan. 2016 yil 22 mayda oʻtkazilgan oxirgi konstitutsiyaviy referendumda esa prezidentlikka qayta saylanish cheklovlari bekor qilindi va prezidentlikka nomzodlar uchun yosh mezoni 35 yoshdan 30 yoshga pasaytirildi.

Ayrim siyosatshunoslar Rahmonning hukmronligini avtoritar rejim sifatida tavsiflaydilar, unda shaxsga sigʻinish ustunlik qiladi, siyosiy raqiblarga qarshi repressiyalar amalga oshiriladi, inson huquqlari jiddiy ravishda buziladi, saylovlar erkin va adolatli emas, korrupsiya va urugʻ-aymoqchilik keng tarqalgan.

Davlat OAVdagi gʻalati axborot kampaniyasi

Mish-mish va taxminlarning urchishiga Tojikiston hokimiyatining oʻzi, ayniqsa, targʻibot sohasidagi xatti-harakatlari ham katta hissa qoʻshdi. Ijtimoiy tarmoqlarda har kuni Rahmonning eski chiqishlaridan yuzlab videolar joylandi. Ularning mazmuni goʻyo u xalq bilan xayrlashayotgandek yoki kechirim soʻrayotgandek taassurot uygʻotadi: ona haqida, ota haqida, ota-ona va farzand munosabatlari haqidagi soʻzlar yangradi. Goʻyo uni yaxshi ota, yaxshi oila boshligʻi sifatida yodda qoldirishga urinish bordek.

Televideniyeda esa asosan klassik musiqa, opera yoki tojik milliy klassik musiqasi namoyish etilmoqda. Bu vaziyatga yanada noaniqlik va sirlilik bagʻishladi.

Sirli tayyorgarlik

Aytilishicha, oʻtgan kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar kazarma holatiga oʻtkazilgan, vazirlarga hatto davolanish yoki shaxsiy safarlar uchun ham chet elga chiqish taqiqlangan.

Ayrim xabarlarga koʻra, Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi rahbari – Saidmurod Yatimov – Yevropaga uchib ketgan va hozir Germaniyada. Uni rasman Myunxendagi klinikada koʻrishgan, shuningdek Germaniyaning boshqa shaharlarida ham koʻrilgani aytilmoqda.

Hukumat majlisi bayonnomasidan olingan hujjatga koʻra, barcha davlat amaldorlari, hatto hududiy rahbarlar ham, keyingi koʻrsatmaga qadar chet elga chiqish huquqiga ega emas. Bu davolanish yoki shaxsiy safarlarga ham taalluqli.

Bularning barchasi vaziyat noodatiy va murakkab ekanini koʻrsatadi. Hokimiyat nimaga tayyorgarlik koʻrmoqda? Qandaydir marosimgami? Yoki ehtimoliy davlat toʻntarishidan, beqarorlik yoki boshqa kataklizmlardan qoʻrqmoqdami? Aniq emas. Ammo mamlakatda taranglik hissi sezilmoqda.

Oʻzimi yoki qiyofadoshimi?

Nihoyat 14 fevral kuni sukunat buzildi. Imomali Rahmon Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki prezidenti Szou Szyai boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgani xabar berildi va uning suratlari chop etildi.

15 fevral kuni esa Imomali Rahmon Xitoy prezidenti Si Szinpinni Xitoy Yangi yili bilan tabrikladi. Tabriknomada u ikki mamlakat oʻrtasidagi yuqori darajadagi hamkorlikni taʼkidladi va xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida muvofiqlashtirish muhimligini taʼkidladi.

16 fevralda esa Raxmon Qozogʻiston tashqi ishlar vaziri Yermek Kosherbayevni qabul qilgani haqida xabar qilindi.

Bu birinchi “oʻlishi” emas

Tojikiston prezidentining oʻlgani xaqida xabarlar tarqatilishi birinchi marta emas. 2022 yil sentabrda, Tojikiston va Qirgʻiziston chegarachilari qurolli toʻqnashuvga borganidan keyin ham Imomali Rahmonning insultni boshidan oʻtkazib vafot etgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

2023 yil oktabr oyida Rahmon Shveysariyada davolanish paytida vaqtincha jamoatchilik nazaridan gʻoyib boʻldi. Oʻsha paytda prezidentning sogʻligʻi ogʻirlashgani haqidagi mish-mishlar keng muhokama qilingan edi, ammo keyinchalik bu mish-mishlar rad etildi.

Albatta, koʻp davlatlarda, ayniqsa avtokrat va diktatura rejimlarida davlat rahbarining sogʻligi haqidagi maʼlumotlar sir hisoblanadi. Ammo 74 yoshga kirayotgan Imomalining sogʻligi aʼlo darajada emasligi aniq. Qolaversa, oxirgi suratlarida ham uning yuzi soʻlgʻin va kasalmand koʻrinadi.

Rustam Imomalining faollashuvi va gʻalati bayonotlari

Albatta, oqsoqol prezidentning sogʻ ekanligi hammamiz uchun quvonchli xushxabar. Biroq yana bir masala hamon ochiq qolmoqda. Xoʻsh, Imomali sogʻu salomat ekan, nega 10 kunlik sukunat fonida tojik prezidentining oʻgʻli – Rustam Imomali faollashib qoldi?

Rustam shu qisqa vaqt ichida bir nechta uchrashuv oʻtkazdi va bir nechta gʻalati fikrlar bildirdi. Masalan: “Farzandlar ota-onalarining nomini abadiylashtiradi”, degan mazmundagi soʻzlar aytib, mish-mishlar oloviga yana yogʻ sepmoqda.

Toʻgʻri, hokimiyat tranziti – otasidan oʻgʻliga oʻtishi haqidagi gap-soʻzlar ancha vaqtdan beri yuribdi. Hech kimga sir emaski, katta Rahmon oʻgʻlini voris sifatida koʻradi. Bir necha yil avval aynan shu maqsadda konstitutsiyaviy referendum oʻtkazilib, prezidentlikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilgan edi. Rahmon nafaqat Konstitutsiyani oʻzgartirdi, balki siyosiy maydonni ham tozaladi – ham muxolifat tomonidan, ham oʻz atrofidagi elita ichida boʻlishi mumkin boʻlgan raqobatchilarni chetlatdi. Hamma “voris operatsiyasi” haqida gapiradi. Biroq Rahmon Berdimuhammedov kabi yoki tirikligida hokimiyatni oila aʼzosiga topshirgan boshqa avtoritar rahbarlardan farqli oʻlaroq, umrining oxirigacha prezident boʻlib qolishga mahkumdek goʻyo. Gap shundaki, u oʻz oʻgʻliga toʻliq ishonmaydi.

Bir talqinga koʻra, ota oʻgʻlining qobiliyatlaridan koʻngli toʻlmagan, unga ishonmaydi. Boshqa talqinga koʻra, katta Rahmon koʻzi ochlik qilib, hokimiyatdan voz kecholmagan, hatto oʻgʻli bilan ham uni boʻlishishni istamagan.

Bugun Rustam Imomali bir vaqtning oʻzida bir nechta yuqori lavozimni egallab turibdi: u Oliy Majlis yuqori palatasi raisi, Dushanbe shahar hokimi, Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi prezidenti va boshqa qator vazifalarni bajaradi. Ammo uni koʻpchilik oʻrta darajadagi amaldor sifatida qabul qiladi xolos. Afgʻoniston va Xitoy orasida joylashgan, murakkab geosiyosiy sharoitdagi mamlakatni boshqarish uchun favqulodda yetakchilik salohiyati talab etiladi. Rustam bu borada ajralib turmaydi. Ehtimol ota shuni anglab, hokimiyat tranzitini sekinlashtirgandir.

Tojikiston xalqi Rustamni qoʻllab-quvvatlaydimi?

Tojikistonda murakkab hududlar bor, ilgari xalq noroziliklari kuzatilgan joylar ham mavjud. Togʻli Badaxshonda seperatizm olovi bir yonib, bir oʻchib, tutamoqda.

Ammo tojik xalqi hozir isyonlarni istamaydi. Chunki fuqarolar urushida taxminan 200 mingga yaqin inson halok boʻlgani haqida turli manbalar aytadi. Aniq raqamlar hech qachon rasman hisoblab chiqilmagan. Hokimiyat bunga qiziqmaydi, chunki bu mavzu juda ogʻriqli.

Shunday fojiadan soʻng xalqning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy talablari minimal darajaga tushgan. Koʻpchilik uchun eng muhimi – hokimiyat odamlarni otmasin, oʻldirmasin. Agar har bir oiladan kimdir mehnat muhojirligida, yana kimdir qamoqda boʻlsa – bu, afsuski, odatiy holga aylangan. Shu sharoitda xalqdan hokimiyat masalasida faol pozitsiya kutish qiyin.

Tojikiston iqtisodiyoti esa Markaziy Osiyoda eng oxirgi oʻrinda turadi. Imomalining 9 farzandi va son-sanoqsiz qarindoshlari Tojikistondagi barcha pul keltiradigan joylarni va hokimiyat manbalarini egallab olishgan. Korrupsiya va nepotizm ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha yoʻnalishlarini boʻgʻib olgan. Mamlakat xalqi assoan Rossiya va boshqa xorijiy mamlakatlarda ishlab, uyiga pul joʻnatib jon saqlamoqda. Ishchi migrantlar yuborgan pullar mamlakat YaIMining deyarli yarmini tashkil etadi. Oylik maoshlar va farovonlik boʻyicha Tojikiston nafaqat dunyoda, balki Markaziy Osiyo boʻyicha oxirgi oʻrinlarda turadi. Xalqaro tashkilotlar, xususan Human Rights Watch hisobotlariga koʻra, Tojikistonda mamlakatda inson huquqlari, soʻz va vijdon erkinligi oʻta qoʻpol ravishda buzib kelinmoqda. Garchi xalq Imomali diktaturasidan norozi boʻlsa-da, kuch ishlatar tizimlar va propaganda vositasida tartib oʻrnatilmoqda.

Rossiya va Xitoy “oʻz prezidenti”ni ilgari suradimi?

Postsovet makonida kadrlar boʻyicha muhim qarorlar Moskva yoki Pekin fikrisiz qabul qilinmaydi, degan qarash bor. Tojikiston yaqinida Afgʻoniston ham bor, u yerda hozir hokimiyatda turgan harakat – Tolibon vaziyatga taʼsir oʻtkazishi mumkin.

Ammo amaliyot shuni koʻrsatadiki, Xitoy odatda bunday ichki siyosiy masalalarga aralashmaydi. Uning strategiyasi aniq: kim hokimiyatda boʻlsa, oʻsha bilan ishlash. U liberalmi, kommunistmi yoki hozirgi Afgʻonistondagi kabi islomiy harakat vakilimi – farqi yoʻq.

Rossiyada ham shunga oʻxshash yondashuv kuzatiladi. Vladimir Putin odatda kimnidir maxsus hokimiyatga olib kelishga emas, balki hokimiyatni qoʻlga kiritgan shaxs bilan hamkorlik qilishga urinadi. Masalan, Suriyada Rossiya uzoq vaqt Bashar Asadni qoʻllab-quvvatladi. Ammo vaziyat oʻzgarganda Moskva yangi kuchlar bilan ham muloqot qilishga tayyorligini koʻrsatdi.

Shu maʼnoda Rossiya va Xitoy odatda ichki ishlarga ochiq aralashmaydi. Ular hokimiyatni qoʻlga olgan tomon bilan ishlashni afzal koʻradi. Biroq Tojikiston Rossiya uchun oddiy postsovet davlati emas.

Nega Rustam Imomalini Moskvaga “koʻrik”ka olib borishgan edi?

Tojikiston – Rossiyaning xorijdagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan davlat. Moskvada bir paytlar Rahmon Kreml koʻmagida prezidentlikka kelgani haqida ochiq gapirilgan. Shu bois Kremlning Tojikistonga munosabati Qozogʻiston, Oʻzbekiston, Turkmaniston yoki Qirgʻizistonga boʻlgan munosabatidan biroz farq qiladi.

Bir yil avval Imomali Rahmon oʻgʻlini Rossiyaga yubordi. Valentina Matviyenko vositachiligida u Moskvaga borib, Vladimir Putin tomonidan qabul qilindi. Uchrashuvdan juda qisqa videolavhalar namoyish etildi – soʻzsiz, izohsiz. Biroq bu Kreml va Rahmon tomonidan, avvalo, tojik jamiyati va elitaga yuborilgan signal edi: dov Rustam Imomaliga tikilgan. Koʻrinadiki, Rahmon farzandlari va nabiralari orasida aynan Rustamni eng munosib voris deb hisoblagan. Ammo bu tanlov muvaffaqiyat kafolati degani emas.

Yana qanday syurprizlar kutilyapti?

Imomali Rahmon haqidagi navbatdagi mish-mishlar yana bir haqiqatni ochib berdi: Tojikistonda hokimiyat shu qadar bir shaxsga bogʻlab qoʻyilganki, bir insonning ikki haftalik sukunati butun mamlakatni sarosimaga solishi mumkin. Bu faqat bir rahbarning sogʻligi haqidagi savol emas – bu tizimning mustahkamligi haqidagi savol.

Agar davlat institutlari kuchli boʻlganida, prezidentning vaqtincha koʻrinmasligi bunday vahimaga sabab boʻlmas edi. Ammo Tojikistonda oʻttiz yil davomida barcha siyosiy, iqtisodiy va kuch resurslari bir shaxs va uning oilasi atrofida jamlandi. Shuning uchun ham har qanday noaniqlik darhol “hokimiyat boʻshligʻi” haqidagi xavotirlarni keltirib chiqaradi.

Rahmon hozircha omma oldida koʻrindi, rasmiy uchrashuvlar oʻtkazdi. Demak, u tirik va hozircha siyosiy maydonni qoʻldan bergani yoʻq. Biroq bu voqealar hokimiyat tranziti masalasi baribir kun tartibida ekanini koʻrsatdi. Bugun emas, ertaga emas, ammo yaqin yillarda bu savolga javob berishga toʻgʻri keladi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid