Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi 11 yilga qamaldi
Hokimlikning sobiq qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha sobiq bosh mutaxassisi esa 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi 11 yilga qamaldi.
Jizzax viloyatida Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi M. X. Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 210-moddasi (pora olish) va 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
N. I. (erkak, 1987 yilda Jizzax viloyatida tugʻilgan, Sharof Rashidov tumani hokimligi qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha bosh mutaxassisi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 28,210-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.
Sobiq hokimga 3 yil hokimiyat va davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda BHMning 150 baravari miqdorida jarima jazosi hamda 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
N. I.ga 2 yil hokimiyat va davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sudlanuvchilar tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy tartibli koloniyalarda oʻtashi belgilandi.
Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, sobiq hokim 10 ming dollar pora olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangandi.
Soʻngra Asilbek Ashurov Sharof Rashidov tumani hokimi etib tayinlandi.
