Oʻzbekiston Ukraina boʻyicha BMT rezolyutsiyasida betaraf qoldi
Hujjatni 107 davlat qoʻllab-quvvatladi. Rossiya va Belarus kabi 12 davlat qarshi ovoz berdi.

BMT Bosh Assambleyasi Ukrainaning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qoʻllab-quvvatlovchi rezolyutsiya loyihasini qabul qildi.
Hujjatni 107 davlat qoʻllab-quvvatladi. Rossiya va Belarus kabi 12 davlat qarshi ovoz berdi. Ellik bir davlat betaraf qoldi, jumladan, Armaniston, Braziliya, Vengriya, Qozogʻiston, Serbiya, AQSh va Oʻzbekiston.
Qoʻshma Shtatlar rezolyutsiya loyihasidan suverenitet va hududiy yaxlitlikka, shuningdek, BMT Nizomi qoidalariga oid ikkita paragrafni olib tashlashni taklif qildi. Biroq, aʼzo davlatlar bu taklifni ovozga qoʻyishdan bosh tortdilar va rezolyutsiya dastlab tayyorlanganidek qabul qilindi.
Hujjat Ukrainada urush boshlanganining toʻrt yilligi munosabati bilan maʼqullandi.

Unda Rossiya va Ukraina oʻrtasida zudlik bilan, toʻliq va shartsiz sulh tuzish, shuningdek, BMT Nizomini oʻz ichiga olgan xalqaro huquqqa muvofiq keng qamrovli, adolatli va uzoq muddatli tinchlik oʻrnatish talab qilinadi.
Bundan tashqari, rezolyutsiyada tomonlar oʻrtasida ishonchni mustahkamlashning muhim chorasi sifatida harbiy asirlarni toʻliq almashtirish, noqonuniy ravishda hibsga olingan barcha shaxslarni ozod qilish va barcha majburan koʻchirilgan yoki deportatsiya qilingan tinch aholini, shu jumladan bolalarni qaytarishga chaqiriladi.
