General Motors 43,7 ming avtomobilni chaqirib oladi
Ular orasida Chevrolet Tahoe modeli ham bor. Aniqlanishicha, baʼzi avtomobillarga notoʻgʻri dasturiy taʼminot oʻrnatilgan.

General Motors (GM) kompaniyasi transmissiyadagi nuqsonlar tufayli avtomobillarni chaqirtirib olish kampaniyasini kengaytirdi.
A Bit nashrining xabar berishicha, Chevrolet Tahoe modelini ham oʻz ichiga olgan 43 700 ta avtomobilni taʼmirlash uchun qaytarish rejalashtirilgan.
Tahoe avtomobilidan tashqari, ishlab chiqaruvchi Elektron transmissiya diapazonini tanlash (ETRS) tizimi bilan jihozlangan quyidagi modellarni ham chaqirtirib olindi:
-Chevrolet Suburban;
-GMC Yukon va GMC Yukon XL;
-Cadillac Escalade va Cadillac Escalade ESV.
Bundan tashqari, GM transmissiya boshqaruv moduli (TCM) dasturiy taʼminotini yangilagan 1000 ta avtomobil egalari bilan qayta bogʻlanadi.
Aniqlanishicha, baʼzi avtomobillarga notoʻgʻri dasturiy taʼminot oʻrnatilgan. Shu sababli, tizim klapan korpusining nosozligini aniqlanishida xatolik berishi va transmissiyani xavfsiz (limp-home) rejimiga oʻtkazmasligi mumkin.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda Chevrolet Tahoe avtomobilining ikkita komplektatsiyasi mavjud:
RST komplektatsiyasi — 1,1 milliard soʻm;
High Country komplektatsiyasi — 1,4 milliard soʻmdan ortiq sotiladi.
