"Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash" jamgʻarmasi tashkil qilinadi
Ushbu jamgʻarmaga har yili byudjetdan 20 milliard soʻmdan mablagʻ beriladi. Bunga qoʻshimcha viloyat hokimlari ham mahalliy byudjetdan 3 milliard soʻmdan ajratadi. Oʻz biznesini yoʻlga qoʻyib, yaxshi natija koʻrsatayotgan yoshlar faoliyatini kengaytirish uchun 300 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratish yoʻlga qoʻyiladi.

Bugun dunyo aholisining 10 foizdan ortigʻi volontyorlik bilan shugʻullanmoqda. Soʻnggi yillarda mamlakatimizda volontyorlik faoliyatining huquqiy asosini yaratilgani, Volontyorlar maktabi, oliygohlarda markazlar tashkil qilinganining hisobiga bizda ham bunday yoshlar 5 karra koʻpaydi.
Ekologiya, tibbiy xizmat, taʼlim, favqulodda vaziyatlarda koʻmaklashish yoʻnalishidagi volontyorlarning soni 100 mingdan oshdi.
Mana shunday tashabbuskor yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida vazirlik va idoralar rahbarlari, faol koʻngilli yoshlardan iborat Volontyorlik harakatini rivojlantirish boʻyicha Vasiylik kengashini tashkil qilish taklif etildi.
Yoshlar ishlari agentligida “Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash” jamgʻarmasi tashkil qilinadi. Ushbu jamgʻarmaga har yili budjetdan 20 milliard soʻmdan mablagʻ beriladi. Bunga qoʻshimcha viloyat hokimlari ham mahalliy budjetdan 3 milliard soʻmdan ajratadi.
Mazkur mablagʻlar hisobidan yoshlarning volontyorlik loyihalariga 100 million soʻmgacha grant beriladi. Koʻngilli yoshlarga “ijtimoiy faollik kartasi” ochilib, ekologiya, ijtimoiy himoya, tibbiyot, taʼlim, jamoat xavfsizligi kabi yoʻnalishlardagi ishtirokiga qarab, ball berib boriladi.
