Prezident yaqin kunlarda sport sohasi boʻyicha tanqidiy yigʻilish oʻtkazadi
Shavkat Mirziyoyev ayrim yoshlar oʻrtasidagi ortiqcha vazn, chekish, ichkilikka berilish, sintetik va psixotrop moddalar isteʼmolini tanqid qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun oʻtgan yigʻilishda yoshlar oʻrtasidagi ortiqcha vazn va zararli odatlarga toʻxtaldi.
"Bugungi kunda kam harakat va notoʻgʻri ovqatlanish oqibatida yoshlarning qariyb 40 foizida ortiqcha vazn kuzatilyapti. Chekish, ichkilikka berilish, sintetik va psixotrop moddalar isteʼmoli kamaygani yoʻq!", dedi prezident.
Davlat rahbari mahallalarda sport infratuzilmasini kengaytirish, har bir koʻcha va hududda sport maydonchalari barpo etish boʻyicha hokimliklar va mutasaddilarga vazifalar qoʻydi.
Prokuraturaga sport obʼektlariga ajratilgan yer maydonlarining boshqa maqsadlarga berilmasligini qatʼiy nazoratga olishni topshiriq berdi.
Barcha oliy taʼlim muassasalarida sport klublari va seksiyalari tashkil etilib, yoshlarni ommaviy sportga keng jalb qilish zarurligini taʼkidladi.
Prezident yaqin kunlarda sport sohasi boʻyicha tanqidiy yigʻilish oʻtkazilishini maʼlum qildi.
