Oʻzbekiston ulamolarining Prezident Shavkat Mirziyoyevga maktubi eʼlon qilindi
Ramazon oyi munosabati bilan Oʻzbekiston ulamolari davlat rahbariga yuksak ehtirom va samimiy tilaklarini bildirgan maktub yoʻlladi. Unda diniy-maʼrifiy sohadagi keng koʻlamli islohotlar, ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam va xalq farovonligi yoʻlidagi xayrli tashabbuslar alohida taʼkidlangan.

Oʻzbekiston ulamolarining Prezident Shavkat Mirziyoyevga maktubi
Muhtaram Prezident!
Siz Janobi Oliylarini va Siz orqali butun xalqimizni muqaddas Ramazon oyi kirib kelgani munosabati bilan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi aʼzolari va taniqli ulamolar nomidan samimiy muborakbod etamiz.
Vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligi va yurt obodligi yoʻlida tunu kun qilayotgan fidokorona mehnatlaringizga Yaratganning oʻzi madadkor boʻlsin, ulkan zafarlar ato etsin!
Bugun mamlakatimizda kechayotgan islohotlar jarayonida diniy-maʼrifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilayotgan alohida eʼtiboringiz yurtdoshlarimiz qalbida shukronalik tuygʻusini mustahkamlamoqda.
Tajriba va kuzatishlarimizdan maʼlumki, dunyoning kamdan-kam mamlakatlarida Ramazon oyini munosib oʻtkazish boʻyicha Davlat Rahbari darajasida alohida qaror qabul qilinadi.
Sizning tashabbusingiz bilan qabul qilinayotgan bunday hujjatlar mazkur oyni yuksak insoniy fazilatlar, saxovat va mehr-muruvvat ayyomiga aylantirmoqda.
«Inson qadri uchun!» tamoyili asosida olib borilayotgan ishlaringizning yaqqol tasdigʻi sifatida, joriy yilning 16 fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholini ijtimoiy himoya qilish masalalariga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishdagi tarixiy qarorlaringizni alohida eʼtirof etamiz.
Ramazon oyi arafasida «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 750 milliard soʻm hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi – davlatchiligimiz tarixida misli koʻrilmagan muruvvat namunasi boʻldi.
Sizning ushbu tarixiy qaroringiz zamirida buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy rivoyat qilgan: «Amallar niyatlarga qarab eʼtiborlidir», degan muborak hadisi sharifdagi xolis va sof niyatlarning ulugʻ hikmati mujassamdir.
Xalq manfaati yoʻlidagi bu gʻamxoʻrlik tufayli minglab oilalarning mushkuli oson boʻlib, millionlab dillar quvonchga toʻlishi, qancha nogironligi, kasalligi bor kishilarning davolanish va jarrohlik amaliyoti xarajati qoplab berilishi, shubhasiz, yurtimizga fayzu baraka olib keladi.
Siz Janobi Oliylari tashabbuskori boʻlayotgan bunday xayrli amallar xalqaro hamjamiyat va dunyo ulamolari tomonidan ham yuqori baholanmoqda.
Muborak hadisi shariflarda keltirilishicha, “Alloh taolo uchun eng maqbul amal – moʻminning qalbiga quvonch kiritishdir”.
Ulamolar Allohning nazarida boʻlgan insonlar qalbiga farah bagʻishlashni Yaratganni rozi qilish bilan qiyoslaganlar hamda siniq koʻngillarni koʻtarish, mahzun dillarga umid berish va insonlarning ogʻirini yengil qilish ilohiy muhabbatga sabab boʻlishini alohida taʼkidlaganlar.
Yurtimizdagi 2000 dan ziyod masjidlarda Xatmi Qurʼonlarning tizimli tashkil etilishi, diniy-maʼrifiy sohadagi keng koʻlamli islohotlar, jumladan, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi Sizning islom maʼrifatiga qoʻshayotgan bebaho hissangiz ifodasidir.
Muhtaram Prezident!
Sizdek adolatli, xalqparvar va yuksak eʼtiqodli Yurtboshini Allohning Oʻzi yetkazgan.
Sizni muborak oy bilan yana bir bor qutlab, Sizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt va masʼuliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilaymiz. Xonadoningizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka arimasin.
Alloh taolo Sizdek vatanparvar, el-yurt dardi bilan yashaydigan farzandni tarbiya qilgan marhum Miromon Ota va Maʼrifatxon Onalarimizning oxiratlarini obod, qabrlarini nurga toʻldirsin.
Sizning rahnamoligingizda amalga oshirilayotgan har bir xayrli va savobli amallarning ajru mukofotini ularning pok ruhlariga yetkazsin. Alloh taolo ularni Oʻz rahmatiga olsin, jannatlarini maskan qilsin, Sizga esa ularning duolari soyasida yanada ulkan xizmatlar qilishni nasib etsin.
Yaratgan ushbu muborak kunlarda jonajon Oʻzbekistonimizni
oʻz panohida asrasin, ezgu niyatlarimiz ijobatini bersin.
Yuksak hurmat va ehtirom ila,
Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Shayx Abdulaziz Mansur, Rahmatullo qori Obidov, Homidjon domla Ishmatbekov, Zayniddin domla Eshonqulov, Shayx Rahmatulla Termiziy, Rahimberdi domla Rahmonov, Shayx Alijon qori Haydarov, Ismoil Muhammad Sodiq, Muhammadayubxon domla Homidov, Habibulloh qori Abdurazzoqov va barcha hududlardagi bosh imom-xatiblar...
