platina.uz
Jamiyat

Oʻquv markazlari uyushmasi tashkil qilinadi

Uyushmaga aʼzo boʻlgan xususiy oʻquv markazlariga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda soligʻini toʻlashdan ozod etiladi. Ularning oʻqituvchilari ilgʻor davlatlarga stajirovkaga yuboriladi. 

Oʻquv markazlari uyushmasi tashkil qilinadi

Xorijiy til sertifikatini olgan yoshlarga imtihon va oʻqish xarajatini qoplash yoʻlga qoʻyilgani katta samara berdi. Sertifikatga ega yoshlar 600 mingdan oshdi. Eng muhimi, xorijiy tillarni mukammal biladigan 72 mingta instruktor paydo boʻldi.

Yaratilgan sharoitlar hisobiga xususiy oʻquv markazlarining soni 3 karra koʻpayib, 38 mingdan oshdi. Mazkur yoʻnalishdagi yosh tadbirkorlar Oʻquv markazlari uyushmasini tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqan. Prezident buni qoʻllab-quvvatladi.

Endilikda uyushmaga aʼzo boʻlgan xususiy oʻquv markazlariga binosini ijaraga bergan tadbirkorlar ijaradan olinadigan daromad va foyda soligʻini toʻlashdan ozod etiladi.

Bunday markazlarning oʻqituvchilarini Yoshlar ishlari agentligi hisobidan AQSh, Buyuk Britaniya, Singapur, Yaponiya kabi ilgʻor taʼlim markazlariga stajirovkaga yuborish yoʻlga qoʻyiladi.

“Koʻmak” dasturi doirasida 130 million soʻmgacha foizsiz ssuda ajratish yoʻlga qoʻyilgani uchun olis va chekka hududlarda olti oy ichida xorijiy til oʻrgatadigan 120 dan ziyod oʻquv markazi ish boshladi.

Bunday oʻquv markazlarini tashkil qilib, tajriba orttirgan yosh tadbirkorlar atrofida AT va zamonaviy kasb markazi, kutubxona, sport toʻgaraklarini ochish taklifini bermoqda.

“Koʻmak” loyihasi doirasida oʻz biznesini boshlab, yaxshi natija koʻrsatayotgan yoshlar faoliyatini kengaytirish uchun 300 million soʻmgacha foizsiz ssuda ajratish yoʻlga qoʻyiladi.

Endi olis hududlardagi oʻquv markazlari ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdorida toʻlaydi, ulardagi oʻqituvchilar uchun daromad soligʻi 7,5 foiz boʻladi (hozir ijtimoiy va daromad soligʻi 12 foizdan toʻlanadi).

Yoshlar ishlari agentligiga xususiy oʻquv markazlari bilan hamkorlikda yiliga 20 ming yoshni kelajak kasblariga oʻqitish dasturini ishga tushirish, har bir tumanga 500 million soʻmgacha ssuda ajratib, texnikum va oʻquv markazlarida kasb-hunar laboratoriyasini tashkil qilish topshirildi.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid