Jizzaxda hokimlik bosh mutaxassisi pora bilan ushlandi
U oʻzining oʻgʻliga tegishli boʻlgan fermer xoʻjaligining 11 gektar yer maydonini sotmoqchi boʻlgan.

Noqonuniy yer sotish holati aniqlandi
Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani hokimligining qishloq xoʻjaligi boʻlimi bosh mutaxassisi oʻzining oʻgʻliga tegishli boʻlgan fermer xoʻjalikning 11 gektar yer maydonini xaridorga 11 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, muqaddam 5 ming AQSh dollari olgan.
Biroq, u qolgan 6 ming AQSh dollari hamda tegishli hujjatlarni hokimlik va kadastr idoralaridagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 700 AQSh dollari, jami 6700 dollarni olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.
Hozirda bosh mutaxassisga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
