Toshkentda 9 mln dollarga yer sotmoqchi boʻlganlar ushlandi
Ular Yunusobod tumanidagi tadbirkorlik subʼektiga tegishli boʻlgan, hozirda taqiqda turgan 2 gektar noturar yer maydoni uchun 200 ming olayotganda qoʻlga olingan.

Yer maydonini 9 mln AQSh dollariga sotmoqchi boʻlganlarning noqonuniy harakati fosh etildi.
Toshkent shahrida yashovchi, 1953 y.t., muqaddam bir necha marotaba sudlangan ayol oʻzining 1982 y.t. tanishi bilan til biriktirgan.
Ular Yunusobod tumanidagi tadbirkorlik subʼektiga tegishli boʻlgan, lekin, hozirda taqiqda turgan 2 gektar noturar yer maydonini xaridorga 9 mln AQSh dollariga sotishga kelishgan. Soʻngra mansabdor tanishlari orqali barcha hujjatlarni tayyorlab, turar joy toifasiga oʻtkazib berish evaziga oldindan 200 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
