Toshkent va Praga oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar qoʻyilishi mumkin
Hozirda yoʻlovchilarning aksariyati Istanbul orqali tranzit reyslardan foydalanadi, bu esa yoʻnalishning raqobatbardoshligini pasaytirishi qayd etilgan.

Toshkent va Praga oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar qoʻyilishi mumkin.
Oʻzbekiston diplomatlari Vatslav Gavel nomidagi Praga xalqaro aeroportining yoʻnalishlarni rivojlantirish boʻyicha menejeri Martin Tatek bilan onlayn uchrashuv oʻtkazdi. Bu haqda “Dunyo” AA xxabar berdi.
Muloqot chogʻida sayyohlar va ishbilarmonlar oqimini kengaytirish, aviatsiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Chexiya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgani, Oʻzbekiston fuqarolari uchun turistik vizalar berish amaliyoti ijobiy dinamikani koʻrsatayotgani taʼkidlandi.
Martin Tatek Oʻzbekistonning madaniy-tarixiy turizmi chexiyalik sayyohlar uchun yuqori salohiyatga ega ekanligini qayd etdi. Uning soʻzlariga koʻra, yurtimizning boy madaniy merosi, tarixiy obidalari va mehmonlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar mamlakatimizga tashrif buyurgan sayyohlarda katta taassurot qoldirgan.
Shuningdek, u Oʻzbekiston Chexiya ishbilarmon doiralari uchun istiqbolli yoʻnalish sifatida koʻrilayotganini bildirdi.
Uchrashuv ishtirokchilari toʻgʻridan-toʻgʻri muntazam aviaqatnovlarning yoʻlga qoʻyilgani turizm sohasidagi hamkorlik va ishbilarmonlik aloqalarini samarali rivojlantirishda muhim omil boʻlayotganini taʼkidladilar. Maʼlum qilinishicha, hozirda yoʻlovchilarning aksariyati Istanbul orqali tranzit reyslardan foydalanmoqda, bu esa yoʻnalishning raqobatbardoshligini pasaytirmoqda.
Praga - Toshkent toʻgʻridan-toʻgʻri reyslari turoperatorlar va individual sayyohlarga sayohatlarni oldindan rejalashtirish, turistik paketlarni shakllantirish va samarali marketingni amalga oshirish imkonini beradi.
Chexiya tomoni “Uzbekistan Airways”ni salohiyatli asosiy hamkor sifatida qayd etdi. Parvozlarni yoʻlga qoʻyishni muhokama qilish uchun mart oyi boshida Praga aeroporti, milliy aviakompaniya va manfaatdor xususiy tashuvchilar ishtirokida qoʻshimcha onlayn uchrashuv oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda. Tadbirda muntazam aviaqatnovlarni tashkil etishni ragʻbatlantirish choralari va shartlari koʻrib chiqiladi, deyiladi xabarda.
