Meksikada narkobaronni qoʻlga olish chogʻida 14 kishi halok boʻldi
Kartel yetakchisi Nemesio Oseguera Servantesni oʻzi ham yaralanib, vafot etgan. AQSh uning uchun 15 million dollar mukofot puli vaʼda qilgan edi.

Meksikada mashhur narkabaron oʻldirildi, ushbu jarayon qonli yakulandi.
Accosiated Press (AP) agentligi xabar berishicha, Meksikada Xalisko yangi avlod karteli yetakchisi Nemesio Oseguera Servantesni qoʻlga olish operatsiyasi paytidagi toʻqnashuvlar oqibatida kamida 14 kishi halok boʻldi.
Qurbonlar orasida Meksika milliy gvardiyasining yetti aʼzosi ham bor. Oʻlim holatlari Xalisko, Michoacan va Guanajuato shtatlarida qayd etilgan.
Qoʻshma Shtatlar Meksika harbiylariga giyohvand moddalar karteli yetakchisini qoʻlga olish operatsiyasida yordam berdi.
Meksika Mudofaa vazirligi avval operatsiya Oseguerani qoʻlga olishga qaratilganini aytgan edi, ammo harbiylar oxir-oqibat Xalisko poytaxti Gvadalaxara janubi-gʻarbida kartel aʼzolari bilan otishma boshladilar. Yarador Oseguerani Mexiko shahriga havo orqali olib oʻtishga urinish boʻldi, ammo u parvoz paytida vafot etdi.
Kartel aʼzolari yoʻllarni toʻsib, transport vositalarini yoqib yuborish bilan javob berishdi. Meksikaning ikkinchi yirik shahri Gvadalaxara bir kun oldin amalda toʻsib qoʻyildi. Shuningdek, amerikalik nafaqaxoʻrlar uchun mashhur joy boʻlgan Puerto Vallarta kurort shaharchasida ham oʻt qoʻyish holati qayd etilgan.
Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum fuqarolarni xotirjam boʻlishga chaqirdi. Rasmiylar 20 shtatda kartel aʼzolari tomonidan oʻrnatilgan 250 ta toʻsiqning aksariyatini olib tashlaganliklarini xabar qilishdi.
Oq Uy vakili Kerolin Levitt, oʻz navbatida, Qoʻshma Shtatlar Oseguerani qoʻlga olishga imkon bergan razvedka maʼlumotlarini taqdim etganini aytdi. AQSh maʼmuriyati ilgari Xalisco Yangi Avlod Kartelini xorijiy terroristik tashkilot deb eʼlon qilgan edi. Davlat departamenti giyohvand moddalar sotuvchisini qoʻlga olishga olib kelgan maʼlumot uchun 15 million dollar mukofot vaʼda qilgan edi.
AP 2009 yilda tashkil etilganidan keyin bu kartel Meksikadagi eng kuchli va eng tez rivojlanayotgan jinoiy tashkilotlardan biri hisoblanganini eslatadi. Kartel Qoʻshma Shtatlarga katta miqdorda fentanil, kokain, geroin va metamfetamin tashigan. Shuningdek, u harbiylarga hujumlar uyushtirdi va mamlakatda minalar va dronlar tashlagan portlovchi moddalardan foydalangan birinchi jinoiy guruhga aylandi.
