Kim Chen In partiya bosh kotibligiga qayta saylandi
Ushbu qaror "butun xalqning xohishi va tanlovini aks ettirishi" maʼlum qilingan.

KXDR Mehnat partiyasining amaldagi bosh kotibi Kim Chen In lavozimiga qayta saylandi, deb xabar beradi Koreya Markaziy axborot agentligi.
Qarorning toʻliq matnida Kim Chen In oʻz lavozimiga qayta saylangani aytilgan.
"Ushbu kongress oʻrtoq Kim Chen Inni KXDR Mehnat partiyasining eng yuqori lavozimiga qayta saylash haqidagi hurmatli taklifni toʻliq qoʻllab-quvvatladi va maʼqulladi. Bu oʻtgan besh yillik kurash davomida tarixga berilgan baho boʻlib, bu davrda epoxal oʻzgarishlarga erishildi", deyiladi bayonotda.
Taʼkidlanishicha, ushbu qaror "butun xalqning xohishi va tanlovini" aks ettiradi.
"Oʻrtoq Kim Chen In ajoyib mafkuraviy va nazariy donolik, ajoyib yetakchilik va olijanob milliy fazilatlar bilan partiyamiz va xalqimizni gʻalaba sari yagona yoʻldan boshlab borgan va Vatan va inqilobga, davr va tarixga ulkan xizmat koʻrsatgan eng ajoyib siyosatchidir. Faqat u buyuk davlatimiz - KXDRning qudrati va yengilmasligini ifodalay oladi", deyiladi rezolyutsiyada.
Eslatib oʻtamiz, Kim Chen In mamlakatni otasi vafot etgan 2011 yildan buyon boshqarib keladi.
Avvalroq Kim Chen In yangi turdagi raketa tizimini shaxsan boshqargani xabar berilgandi. Katta kalibrli koʻp oʻqli raketa tizimi Koreya Mehnat partiyasining 9-sʼezdida topshirilgan.
