Oʻzbekistonning davlat qarzi salkam 47 mlrd dollarga yetdi
Tashqi qarzlarning 22,3 dollari yoki 56 foizi xalqaro moliya institutlari tomonidan berilgan. Eng koʻp Jahon banki kredit ajratgan.

Oʻzbekistonning davlat qarzi salkam 47 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
2025 yil yakuniga kelib Oʻzbekistonning jami davlat qarzi (tashqi va ichki) 46,85 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning 31,9 foiziga teng.
Davlat qarzining asosiy qismi — 39,82 mlrd dollari yoki 85 foizi tashqi qarz hissasiga toʻgʻri keladi. Tashqi qarzning YaIMga nisbati esa 27,1 foizni tashkil etadi.
Tashqi qarzning 83 foizi xorijiy valyutada rasmiylashtirilgan; 40 foizi oʻzgaruvchan foiz stavkalariga ega; qarzning katta qismi uzoq muddatli, qisqa muddatli majburiyatlar deyarli mavjud emas.
Davlat qarzining qolgan qismi — 7,03 mlrd dollari yoki 15 foizi ichki qarz hissasiga toʻgʻri keladi. Ichki qarzning yalpi ichki mahsulot (YaIM)ga nisbati esa 4,8 foizni tashkil etadi.
Oʻzbekistonga tashqi qarzlarning 22,3 dollari yoki 56 foizi xalqaro moliya institutlari tomonidan berilgan. Ular orasida Jahon banki eng koʻp kredit ajratgan — 8,95 milliard dollar. Shu bilan birga, Osiyo taraqqiyot banki (8,35 milliard dollar) yirik qarz beruvchilardan boʻlgan.
Transport va transport infratuzilmasiga uch milliard dollar, qishloq va suv xoʻjaligiga 3,3 milliard dollar ishlatilgan. Yana uy-joy kommunal xoʻjaligiga 3,2 milliard dollar ajratilgan.
Sogʻliqni saqlash, taʼlim, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari hamda boshqa sektorlarga 3,5 milliard dollar yoʻnaltirilgan. Kimyo sanoatiga 662 million dollar, tadbirkorlik faoliyati va sanoat ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga 612 million dollar ketgan.
Eslatma: Oʻzbekiston qonunchiligiga koʻra, davlat qarzining YaIMga nisbati 60 foizdan oshib ketmasligi kerak. Hozirgi 32 foiz atrofidagi koʻrsatkich xavfsiz daraja deb hisoblanadi.
