"Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari" koʻkrak nishoni taʼsis etildi
Koʻkrak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

"Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari" koʻkrak nishoni taʼsis etildi. Bu haqda 19 fevral kuni Vazirlar mahkamasining qarori eʼlon qilindi.
Koʻkrak nishoni bilan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etib kelayotgan, mamlakat taraqqiyoti uchun kuch-gʻayrati, zamonaviy bilim va malakasi, maʼnaviy-intellektual salohiyatini namoyon etayotgan, davlatning xalqaro miqyosdagi nufuzini yuksaltirishga va shon-shuhratini oshirishga munosib hissa qoʻshayotgan, barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ilgʻor tashabbuslari, vatanparvarligi, fidoyiligi va namunali faoliyati bilan ajralib turgan fuqarolar taqdirlanadi.
Koʻkrak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadigan nomzodlar roʻyxatini shakllantirish, taqdim etish va koʻrib chiqish masalalarini tashkil etish uchun Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ishchi organ vazifasini bajaradi.
Vakolatli organlar, shuningdek, manfaatdor vazirlik va idoralar koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid taqdimnomani har yili 1 martga qadar vazirlikka kiritadi.
