Oliy toifali 15 yil stajga ega oʻqituvchilar uchun subsidiya olishda imtiyoz beriladi
Ularga ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olishlari uchun boshlangʻich badalning 25 foizini qoplash uchun mablagʻ ajratiladi.

Oliy toifali va 15 yil stajga ega oʻqituvchilar uchun ipoteka subsidiyasi joriy etiladi. Bu haqda 2026 yil 19 fevraldagi 69-sonli Vazirlar Mahkamasi qarorida aytiladi.
Endilikda yuqori malakali oʻqituvchilar uy-joy sotib olishlari uchun davlatdan qoʻshimcha koʻmak olishlari mumkin. Imtiyozdan foydalanishi uchun oliy malaka toifasiga (bosh oʻqituvchi lavozimiga) ega boʻlishi, kamida 15 yillik pedagogik ish stajiga ega boʻlishi lozim.
Qarorga koʻra, ushbu toifadagi oʻqituvchilarga ipoteka kreditlari asosida uy-joy sotib olishlari uchun boshlangʻich badalning 25 foizini qoplash uchun mablagʻ ajratiladi va kreditning dastlabki 5 yili davomida foiz toʻlovlarini qoplash uchun davlat subsidiyasi beriladi.
Talabgor bank tomonidan belgilangan boshlangʻich badalning oʻz zimmasidagi qismini shakllantirganidan soʻng, bank 1 ish kuni ichida ipoteka kreditini rasmiylashtiradi.
Uy talabgor nomiga rasmiylashtirilib, kadastr hujjatlari bankka taqdim etiladi.
Toʻlov uchun buyurtma: Bank 1 ish kuni ichida "subsidyplatform.mf.uz" platformasi orqali Iqtisodiyot va moliya vazirligiga subsidiya toʻlash uchun buyurtma yuboradi.
Ushbu maqsad uchun har yili davlat byudjetidan 200 mlrd soʻmgacha mablagʻ ajratiladi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va Kambagʻallikni qisqartirish vazirligi shunday oʻqituvchilar roʻyxatini shakllantiradi.
