Buxoroda fuqaro mingdan oshiq patronni noqonuniy saqlab yurgani aniqlandi
Holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Noqonuniy saqlanayotgan 1100 dona patronlar olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻqotar qurollarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yoʻnalishida Konimex tumanida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanida yashovchi, 1989 y.t. shaxsga tegishli “Oniks” rusumli avtotransport vositasi koʻzdan kechirildi.
Natijada, avtomashina yukxonasida 500 dona 5,6 mm kalibrli otish uchun yaroqli boʻlgan patronlar borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham noqonuniy saqlanayotgan 600 dona 5,6 mm kalibrli patronlar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 248-moddasi (Oʻqotar qurolning, oʻq-dorilarning, oʻqotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.
