Dam olish kunlari harorat pasayib, yogʻingarchilik kutiladi
21 fevraldan Oʻzbekiston hududiga Turkmaniston orqali nam va salqin havo massalari kirib keladi. Yomgʻir va qor yogʻib, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.

"Oʻzgidromet" harorat pasayib, yomgʻir yogʻishini prognoz qildi.
Bugun kunduzi Oʻzbekiston hududining katta qismida quruq va juda iliq ob-havo saqlanib turadi. Kunning oʻrtasiga kelib havo 20-25 daraja iliqqacha isiydi. Bunday harorat qish faslining oxirigi oyiga qaraganda bahor faslining oʻrtalariga xosdir.
Faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyatida va kechga tomon Buxoro, Navoiy viloyatlarida baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi. Havo harorati respublika shimolida 8-13 daraja atrofida boʻladi.
Ertaga Oʻzbekiston hududiga Turkmaniston orqali nam va salqin havo massalari kirib kelishi kutilmoqda.
21 fevral kuni kechasi va ertalab respublikaning koʻpchilik hududlarida (Qoraqalpogʻiston va Xorazm viloyatidan tashqari) yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda momaqaldiroq boʻlishi mumkin. Fargʻona vodiysi viloyatlarida ertalab va kunning birinchi yarmida yomgʻir yogʻishi kutilmoqda.
Oʻzbekistonning togʻ oldi va togʻli hududlarida 21 fevral kuni yogʻingarchilik (yomgʻir, qor), baʼzi joylarda kuchli boʻladi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, baʼzi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayadi, ayrim joylarda baʼzida 20-25 m/s gacha kuchayishi mumkin.
21 fevralda kunduzgi havo harorati meyoriy qiymatlargacha pasayadi va 9-14 daraja iliq atrofida boʻladi.
22 fevral – yakshanba kuni Oʻzbekistonning barcha hududlari boʻyicha yogʻingarchilik kutilmaydi va harorat 15-18 daraja iliqqacha koʻtariladi.
Dam olish kunlari kechasi va ertalab respublika boʻyicha baʼzi joylarga tuman tushishi mumkin.
Toshkentda: bugun kunduzi yogʻingarchilik kutilmaydi. Harorat 22-24 daraja iliq boʻladi.
Ertaga 21 fevralda kechasi va ertalab yomgʻir yogʻadi, momaqaldiroq boʻlishi mumkin, kunduzi yogʻingarchilik kutimaydi. Harorat kechasi va kunduzi 11-13 daraja iliq boʻladi. 22 fevral – yakshanba kuni yogʻingarchilik kutilmaydi.
Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Harorat kechasi 3-5 daraja iliq, kunduzi 14-16 daraja iliq boʻladi.
Shamol oʻzgaruvchan yoʻnalishda 3-8 m/s tezlikda esadi, 20 fevralda kechqurun va 21 fevralda 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin.
